Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Prezident Shavkat Mirziyoyevga 13-avgust kuni O‘zbekiston tadbirkorlari bilan oltinchi ochiq muloqotga tayyorgarlik jarayoni haqida batafsil axborot berildi. Ushbu uchrashuv doirasida respublika shtabi faoliyati, tadbirkorlardan kelib tushgan murojaatlar va so‘rovnoma natijalari tahlil qilindi.

15-maydan buyon 50 dan ortiq vazirlik va idora vakillari ishtirokida respublika shtabi faoliyat yuritmoqda. Koll-markaz va rasmiy botlar orqali tadbirkorlardan qariyb 6000 ta murojaat kelib tushgan. Ularning 4200 dan ortig‘i ijobiy hal etilgan, qariyb 1800 tasi esa hali ko‘rib chiqilmoqda. Mas’ul tashkilotlar 8800 nafardan ortiq tadbirkor ishtirokida 750 dan ziyod uchrashuv o‘tkazgan.

Biznes-ombudsman va Savdo-sanoat palatasi tomonidan ham 130 dan ortiq uchrashuv tashkil etildi. Ularda 5700 nafardan ziyod tadbirkor ishtirok etib, qariyb 1500 ta masalani ko‘tardi. Uchrashuvlar yakuni bo‘yicha vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda tizimli muammolarni hal etish hamda qonunchilikka o‘zgartishlar kiritish bo‘yicha takliflar tayyorlanmoqda.

Ochiq muloqotga tayyorgarlik doirasida barcha hududlardan 5072 nafar tadbirkor o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazildi. Ishtirokchilarning 93 foizini mahalliy xususiy korxonalar vakillari tashkil etdi. Tadqiqot savdo, xizmat ko‘rsatish, sanoat, qurilish va qishloq xo‘jaligi sohalarini qamrab oldi. So‘rovnoma korxonalar samaradorligi, investitsiyalar, infratuzilma, soliq ma’murchiligi, tashqi savdo hamda sud-huquq sohalariga oid masalalarni o‘z ichiga oldi.

Tahlil natijalari biznesda mehnat unumdorligini oshirish va mahsulot tannarxini pasaytirish uchun hali katta imkoniyatlar mavjudligini ko‘rsatdi. Raqamli platformalar, sun’iy intellekt, energiya tejamkor texnologiyalar, yangi mahsulotlar va zamonaviy ishlab chiqarish usullarini joriy etgan korxonalarda savdo hajmi, raqobatbardoshlik, ish haqi va investitsiya ko‘rsatkichlari yuqoriroq bo‘lgan.

Jumladan, samaradorlikni oshirish bo‘yicha kamida uchta chorani joriy etgan korxonalarda mahsulot tannarxini pasaytirish ehtimoli 4,1 baravar, ish haqining tezroq o‘sishi ehtimoli esa 2,1 baravar yuqori bo‘lgan. Shu bilan birga, korxonalarning atigi 11,6 foizi samaradorlikni oshirish choralarini uch yoki undan ortiq yo‘nalishda qo‘llagan. 28,5 foiz kompaniya esa samaradorlikni oshirish bo‘yicha hech qanday chora ko‘rmagan.

Korxonalarning 51 foizida so‘nggi vaqtlarda yangi mahsulot, xizmat yoki innovatsiyalar joriy etilmagan, shuningdek, modernizatsiya ishlari ham amalga oshirilmagan. So‘nggi bir yilda korxonalarning 40 foizi investitsiya kiritmagan, 29 foizida esa yaqin bir yilda investitsiya kiritish rejasi mavjud emas.

Tadbirkorlar investitsiya kiritishga asosiy to‘siqlar sifatida kredit foiz stavkalarining yuqoriligi, garov mulkining past baholanishi, talab qilinadigan hujjatlar sonining ko‘pligi va kredit rasmiylashtirish muddatlarining uzoqligini qayd etgan. So‘rovnoma natijalariga ko‘ra, korxonalarning 38 foizi mahsulot va xizmatlar tannarxini pasaytirish bo‘yicha choralar ko‘rmagan.

Kompaniyalarning 53 foizida tovar va xizmatlarni ishlab chiqarish xarajatlari oshgan. Tadbirkorlar buning asosiy sabablari sifatida xomashyo narxining ko‘tarilishi, shuningdek, energiya resurslari va logistika xarajatlarining ortib borishini qayd etgan. Bundan tashqari, korxonalarning 43 foizi energiya tejamkorligi bo‘yicha choralar ko‘rmagan, 49 foizi esa qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanmaydi.

Infratuzilma bilan ta’minlanganlik tadbirkorlar uchun asosiy muammolardan biri bo‘lib qolmoqda. Ular asosiy qiyinchiliklar sifatida elektr energiyasi va gaz ta’minotidagi tez-tez uzilishlar, elektr tarmoqlarida kuchlanish va gaz bosimining pastligi, shuningdek, limitlar hamda tariflar bilan bog‘liq masalalarni qayd etgan.

Yig‘ilishda soliq ma’murchiligini isloh qilish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarga qaramay, tadbirkorlar tekshiruvlar o‘tkazilishi va qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarish jarayonida hamon muammolarga duch kelayotgani ta’kidlandi. Shu bilan birga, so‘rovnomada qatnashganlarning 94 foizi barqarorlik reytingi ularning faoliyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatganini bildirgan.

So‘rovnomada ishtirok etgan korxonalarning 22,3 foizi tashqi savdo faoliyati bilan shug‘ullanadi. Tadbirkorlar eksportdagi asosiy to‘siqlar sifatida xorijlik xaridorlarni topish, mahsulotni sertifikatlash, logistika, moliyaviy vositalardan foydalanish va bojxona tartib-taomillari bilan bog‘liq qiyinchiliklarni qayd etgan. Bundan tashqari, biznes vakillari xorijiy bozorlar haqida ma’lumot va marketing ko‘nikmalari yetarli emasligini ham bildirgan.

Sud-huquq sohasida tadbirkorlar malakali yuridik yordamdan foydalanish imkoniyati va davlat xaridlarining shaffofligini ijobiy baholagan. Shu bilan birga, so‘rovnomada qatnashganlarning 73 foizi majburiy ijro jarayonidagi byurokratik tartib-taomillar biznes faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini bildirgan.

Prezident murojaatlar va so‘rovnoma natijalarini hududlar va sohalar kesimida chuqur tahlil qilib, tadbirkorlik rivojiga to‘sqinlik qilayotgan tizimli muammolar bo‘yicha aniq yechimlar ishlab chiqishni topshirdi. Ustuvor yo‘nalishlar sifatida korxonalar samaradorligini oshirish, innovatsiyalar va energiya tejamkor texnologiyalarni keng joriy etish, kreditlash va infratuzilma muammolarini hal qilish, soliq ma’murchiligini takomillashtirish, eksportchilarni qo‘llab-quvvatlash hamda biznesning huquqiy himoyasini kuchaytirish belgilandi.

Ochiq muloqotda ko‘tariladigan har bir masala bo‘yicha aniq yechim, uni amalga oshirish mexanizmi, mas’ullar va ijro muddatlari belgilab qo‘yilishi topshirildi. Markaziy bankning 2026-yil II choragi yakunlari bo‘yicha o‘tkazgan so‘roviga ko‘ra, tadbirkorlarning 64 foizi biznes yuritish sharoitlari yaxshilanganini bildirgan, 82 foizi esa o‘rta muddatli istiqbolda iqtisodiyot yaxshilanishini kutmoqda. Shu bilan birga, korxonalar gaz va elektr ta’minotidagi uzilishlar, talabning yetarli emasligi, yoqilg‘i narxining oshishi va logistikadagi uzilishlarni hamon asosiy cheklovlar sifatida qayd etmoqda.

Source: www.gazeta.uz