O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim 1950-yil 13-avgustda Surxondaryoning Boysun tumanida tug‘ilgan. Ushbu yil uning tavalludiga 75 yil to‘ldi. Shoir ijodiy faoliyati davomida o‘zbek she’riyati va dramaturgiyasiga katta hissa qo‘shdi.
Usmon Azim maktabni tugatgach, Toshkent Davlat universiteti (hozirgi Milliy universitet)ning jurnalistika fakultetida tahsil olgan. 1976−1989-yillarda respublika radiosida, 1989−1990-yillari Yozuvchilar uyushmasining Toshkent viloyat bo‘limida, shuningdek, prezident devonida faoliyat yuritgan. 2003-yildan boshlab O‘zbek milliy akademik drama teatrida adabiy emakdosh sifatida ishlagan.
Shoirning ilk kitobi “Insonni tushunish” 1978-yilda nashr etilgan. Keyingi yillarda “Holat”, “Oqibat”, “Ko‘zgu”, “Surat parchalari”, “Dars”, “Baxshiyona” kabi she’riy to‘plamlari chop etilgan. 90-yillarda “G‘aroyib ajdarho”, “Uyg‘onish azobi”, “G‘ussa”, “Uzun tun”, “Bor ekanda, yo‘q ekan” kabi kitoblari, 2003−2018-yillarda esa “Jodu”, “Adibning umri”, “So‘ngso‘zlar”, “Kollaj” asarlari taqdim qilingan.
Usmon Azim nafaqat shoir, balki dramaturg sifatida ham tanilgan. U “Baxtli bo‘laylik”, “Hujjatli film uchun syujet”, “Bahodir va Malika” radiopesalari, “Bir qadam yo‘l”, “Kunduzsiz kechalar”, “Bozor”, “Alpomishning qaytishi”, “Jazava”, “Baxt qushi”, “O‘tgan zamon hangomalari” kabi pesalarni yozgan. Shuningdek, “Alisher Navoiy”, “Alpomish”, “Sevgi” filmlarining ssenariysi muallifi.
Ijodkor Pol Elyuar, Fozil Husnu Dog‘larja kabi jahon shoirlarining asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Uning ijodi o‘zbek adabiyotida alohida o‘rin tutadi. Gazeta ushbu sana munosabati bilan Usmon Azim asarlari asosida maxsus test tayyorladi.
Source: www.gazeta.uz