Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkent shahrining Yashnobod tumanida yashovchi 37 yoshli A.T. ismli ayol o‘zining 3 yoshli farzandi A.I.ga nisbatan muntazam ravishda jismoniy zo‘ravonlik ishlatib kelgani aniqlangani haqida bolalar ombudsmani matbuot xizmati xabar berdi.

Qo‘shnilardan bolalar ombudsmani kotibiyatiga kelib tushgan murojaatda aytilishicha, A.T. bolasini doimiy ravishda kaltaklab kelgan, unga uxlatuvchi dori vositalarini berib, qarovsiz va parvarishsiz qoldirgan. Fuqarolar bu holatdan xavotirga tushib, rasmiy tarzda murojaat qilishgan.

Bolalar ombudsmanining rasmiy so‘rovi asosida holat ichki ishlar organlari va Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan o‘rganib chiqilgan. Tekshiruv natijasida bolaga nisbatan sodir etilgan muttasil tazyiq va qiynash harakatlari yuzasidan Jinoyat kodeksining 110-moddasi (Qiynash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Shuningdek, bolaga himoya orderi rasmiylashtirilgan. Hozirgi vaqtda voyaga yetmagan bolaning salomatligini tiklash uchun barcha zaruriy tibbiy muolajalar ko‘rsatilgan va uning sog‘lig‘i barqaror holatda ekani qayd etilgan.

Tuman vasiylik va homiylik organi tomonidan bolaning qonuniy manfaatlaridan kelib chiqib, unga vaqtincha vasiylik tayinlangan. Ota-onalik majburiyatini bajarmagani sababli A.T.ni onalik huquqidan mahrum qilish bo‘yicha tegishli hujjatlar sudga tayyorlanmoqda.

Bolalar ombudsmani bolaning xavfsiz va sog‘lom muhitda yashashini ta’minlash nuqtai nazaridan ushbu ishni o‘z nazoratida tutib turganini ma’lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2025-yilda bolalar ombudsmaniga jami 1934 ta murojaat kelib tushgan. Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik bo‘yicha 19 ta jinoiy va 26 ta ma’muriy ish ochilgan. Bola huquqlari buzilishi yuzasidan 2 ta ogohlantirish, 6 ta taqdimnoma, 25 ta xulosa va 3 ta sud hujjati ustidan protest keltirish to‘g‘risida iltimosnoma kiritilgan.

Ijtimoiy himoya agentligi bolalarga nisbatan zo‘ravonlik va shafqatsiz munosabat holatlari haqida anonim tarzda xabar berish mumkin bo‘lgan 1246 qisqa raqamli ishonch telefonini ishga tushirgan.

Source: www.gazeta.uz