Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston Markaziy bankining 2026-yil birinchi yarim yilligi bo‘yicha valyuta operatsiyalari tahliliy sharhiga ko‘ra, hozirda dunyoning qariyb 40 davlatida 1,4 millionga yaqin O‘zbekiston fuqarosi mehnat faoliyatini olib bormoqda. Bu ko‘rsatkich mamlakat uchun muhim ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga ega bo‘lib, pul o‘tkazmalari hajmi va ichki iste’molga ta’sir ko‘rsatmoqda.

Eng ko‘p o‘zbekistonliklar Rossiyada ishlaydi — 834,2 ming kishi. Yevropa davlatlarida 258 ming, Qozog‘istonda 84,4 ming, Turkiyada 72,1 ming, Janubiy Koreyada 46,4 ming fuqaro mehnat qilmoqda. Qolgan 97,7 ming kishi boshqa mamlakatlarda faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, umumiy mehnat migrantlarining 398,9 ming nafari (28,6%) ayollar, 402,1 ming nafari (28,9%) yoshlardir.

Geografik tarkibda sezilarli o‘zgarishlar kuzatilmoqda: MDH davlatlari ulushi 29% ga kamaygan bo‘lsa, Yevropa yo‘nalishi bo‘yicha ko‘rsatkich 42% ga, Sharqiy Osiyo bo‘yicha esa 26% ga oshgan. Bu O‘zbekiston mehnat migrantlari uchun yangi bozorlar ochilayotganidan dalolat beradi.

Migratsiya qarorlariga ta’sir qiluvchi asosiy iqtisodiy omil — qabul qiluvchi va jo‘natuvchi mamlakatlar o‘rtasidagi ish haqi farqi. Shu yil boshidan buyon 124,5 ming O‘zbekiston fuqarosi xorijda yuqori maoshli ish o‘rinlariga ishga joylashtirilgan.

Hisobotda, shuningdek, O‘zbekiston uchun istiqbolli mehnat bozorlari ham qayd etilgan. 2030-yilga borib Yevropa davlatlarida aholining qarishi va mehnatga layoqatli aholi ulushining qisqarishi mehnat bozorining asosiy tarkibiy muammolaridan biriga aylanishi kutilmoqda. Mintaqada ishchi kuchi taqchilligi 7,5–10,5 million kishini tashkil etishi mumkin.

Natijada mashinasozlik, yuqori texnologiyali ishlab chiqarish, infratuzilma qurilishi, transport va logistika, qishloq xo‘jaligi, tibbiyot, axborot texnologiyalari, turizm va xizmat ko‘rsatish sohalarida ishchilarga talab ortishi kutilmoqda. AQSh, Yevropa davlatlari (ayniqsa Germaniya, Avstriya, Buyuk Britaniya), shuningdek Yaponiya va Janubiy Koreyada aholining qarishi tufayli sog‘liqni saqlash, parvarish va ijtimoiy xizmatlar sohasida ishchilarga ehtiyoj oshishi prognoz qilinmoqda.

Source: uznews.uz