Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Prezident Shavkat Mirziyoyev sud tizimi rahbarlari bilan uchrashib, so‘nggi yillarda amalga oshirilgan sud-huquq islohotlarining natijalarini va kelgusi davrdagi ustuvor vazifalarni muhokama qildi. Uchrashuvda sudlarni 2030-yilgacha rivojlantirishga qaratilgan “Odil sudlov — 2030” strategiyasi taqdim etildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Strategiya 57 ta vazifa, 2026−2028-yillarga mo‘ljallangan 160 ta chora-tadbir va 2030-yilgacha erishilishi lozim bo‘lgan 33 ta maqsadni qamrab oladi. Unga ko‘ra, 2027-yil 1-iyuldan boshlab 5 ta hududlararo sud tashkil etiladi. Viloyat sudlarida apellyatsiya va kassatsiya instansiyalari saqlanib qoladi, taftish instansiyasining vakolatlari esa hududlararo sudlarga beriladi.

Bu yangilik bir sudning o‘z qarorini o‘zi qayta ko‘rib chiqishiga chek qo‘yishi va fuqarolarning adolat izlab poytaxtga borish zaruratini kamaytirishi kutilmoqda. Shu bilan birga, fuqarolik sudlari 2030-yilga qadar zaruratga qarab qariyb barcha tuman va shaharlarda bosqichma-bosqich tashkil etiladi.

Sudlarda axborot olish, murojaat topshirish va raqamli xizmatlardan foydalanish “yagona darcha” tamoyili asosida yo‘lga qo‘yiladi. Agar ariza noto‘g‘ri sudga berilgan bo‘lsa, u fuqaroga qaytarilmaydi. Sudning o‘zi hujjatlarni tegishli sudga yuboradi. Arizada juz’iy kamchiliklar aniqlansa, sud fuqaroga ularni bartaraf etishda ko‘maklashadi.

Tergov va surishtiruv bosqichida inson huquqlarini himoya qilish uchun “asosli gumon” standarti joriy etiladi. Tergov sudyasi shaxsni ushlab turish qonuniyligini, gumon yoki ayblov uchun asoslar yetarliligini tekshirishi va zarur qo‘shimcha hujjatlarni talab qilishi mumkin bo‘ladi. Bu shaxs erkinligining asossiz cheklanishining oldini olishga qaratilgan.

Yagona sud amaliyotini ta’minlash uchun Oliy sud Rayosati qarorlarini qamrab oluvchi ochiq “Pretsedentlar reyestri” yuritiladi. 2028-yildan sudyalarni odil sudlovga daxldor bo‘lmagan tashkiliy vazifalardan ozod qilish uchun “sud ma’murchiligi” instituti joriy etiladi.

“Raqamli sud” konsepsiyasi barcha sudlarda to‘liq ishga tushiriladi. Sudlarga murojaatlarning kamida 50 foizini elektron shaklda berish, sud majlislarining 100 foizini audioyozuvda qayd etish rejalashtirilgan.

Shuningdek, iqtisodiy nizolarni tezkor hal etish uchun “iqtisodiy ishlarni proaktiv boshqarish” standarti joriy etiladi. Bu tadbirkorlarning idorama-idora yurishi va hujjatlarni qayta-qayta topshirishini kamaytirishga qaratilgan.

Strategiyada mediatsiya va yarashuv mexanizmlarini kengaytirish, noqonuniy deb topilgan ma’muriy hujjatlarning ochiq reyestrini yuritish hamda “xalq vakillari hay’ati” ishtirokida ko‘riladigan jinoyatlar sonini kamida 3 taga yetkazish ham belgilangan.

Uchrashuvda Konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritishni takomillashtirish, sudyalar hamjamiyati faoliyatini samarali tashkil etish, sud mustaqilligini mustahkamlash va sud tizimi kadrlarining xorijda malaka oshirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Source: www.gazeta.uz