Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Iqtisodiyot va moliya vazirligi Toshkent shahrida ko‘chmas mulkni ommaviy baholashning dastlabki natijalarini e’lon qildi. 14-avgust kuni vazirlikda OAV vakillari, xalq deputatlari Toshkent shahri kengashi deputatlari va soha mutaxassislari ishtirokida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkentdagi 600 mingdan ortiq kvartiraning amaldagi kadastr qiymati 57,8 trln so‘mni tashkil etadi. Ommaviy baholash yakunlari bo‘yicha ularning qiymati 426,7 trln so‘m deb belgilandi, ya’ni taxminan 7,4 baravarga oshdi.

Bundan tashqari, 213 mingdan ziyod hovli-joy baholandi. Ularning amaldagi kadastr qiymati 39,1 trln so‘mni tashkil etayotgan bo‘lsa, ommaviy baholash natijalariga ko‘ra dastlabki qiymati 548,4 trln so‘mga yetdi — bu taxminan 14 baravarga ko‘p.

Ochiq muloqotda taqdim etilgan materiallarda sezilarli tafovutning sabablaridan biri sifatida amaldagi kadastr qiymatida yer uchastkasining qiymati to‘liq hisobga olinmagani ko‘rsatilgan. Ommaviy baholashda hovli-joy yagona ko‘chmas mulk obyekti — yer uchastkasi va unda joylashgan bino-inshootlar sifatida ko‘rib chiqiladi.

Spot ma’lumotlariga ko‘ra, hisob-kitoblarda ko‘chmas mulkning joylashuvi, yer uchastkasi va inshootlar maydoni, qurilgan yili, qavati, qurilish materiallari, shuningdek, transport hamda ijtimoiy infratuzilmaning mavjudligi hisobga olinadi. Bundan tashqari, ko‘chmas mulk bozoridagi takliflar, riyeltorlar ma’lumotlari va notarial tasdiqlangan bitimlar tahlil qilinadi.

Dastlabki baholash Toshkent hududlariga qarab ko‘chmas mulk qiymatida sezilarli farq borligini ko‘rsatdi. Kvartiralarning 1 kv. metri qiymati 4,6 mln dan 35,8 mln so‘mgacha, yer uchastkasining bir sotixi esa 115 mln dan 890 mln so‘mgachani tashkil etdi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi bu dastlabki natijalar ekanini ta’kidladi. Ommaviy baholash mulkdor o‘z ko‘chmas mulkini sotishi kerak bo‘lgan aniq narxni belgilamaydi. Uning vazifasi — yagona mezonlar asosida bozor sharoitlariga imkon qadar yaqin bo‘lgan qiymatni aniqlash va turli obyektlar qiymatini solishtirma ko‘rinishga keltirishdan iborat.

Ommaviy baholashning dastlabki natijalari 60 kun davomida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi. Ko‘chmas mulk egalari nafaqat obyektning belgilangan qiymati, balki hisob-kitoblarda foydalanilgan ma’lumotlar bilan ham tanishishlari mumkin bo‘ladi. Ular tushuntirish olish, xato yoki noaniq ma’lumotlar haqida xabar berish va natijani qayta ko‘rib chiqishni talab qilish huquqiga ega.

Bundan tashqari, ommaviy baholashga rozi bo‘lmagan mulkdorlar ko‘chmas mulkni mustaqil baholashdan o‘tkazish uchun baholash tashkilotini jalb qilishi mumkin. Tadbirda taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, mulkdorlarga o‘zlariga tegishli obyektlarni baholash natijalari ko‘rsatilgan SMS xabarnomalar yuborish ham rejalashtirilmoqda.

Ommaviy baholash tizimi prezidentning 2025-yil 5-martdagi farmoniga muvofiq bosqichma-bosqich joriy etilmoqda. Birinchi bosqichda, 2025−2026-yillarda ushbu mexanizm tajriba-sinov tariqasida Toshkent shahrida amaliyotga tatbiq etiladi. 2026−2027-yillarda uni Nukus shahri va viloyatlar markazlarida, 2027-yildan boshlab esa O‘zbekistonning boshqa hududlarida ommalashtirish rejalashtirilgan.

Ommaviy baholash ma’lumotlaridan ko‘chmas mulk qiymati xaritalarini shakllantirish, hududlar rivojlanishini tahlil qilish, davlat kapital qo‘yilmalari samaradorligini baholash, infratuzilmani rivojlantirish ustuvorliklarini belgilash hamda ipoteka bozori uchun axborot bazasini shakllantirishda foydalanilishi nazarda tutilgan.

Source: www.gazeta.uz