O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi, Abu Dabi taraqqiyot jamg‘armasi (ADFD) va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Loyihalar bo‘yicha xizmati (UNOPS) Qashqadaryo viloyatining Beshkent shahrida 300 o‘rinli yangi ko‘p tarmoqli shifoxonani qurish bo‘yicha kelishuv imzoladi. Bu haqda UNOPS matbuot xizmati xabar berdi.
2026-yil 7-avgustda imzolangan hujjat loyihaning ikkinchi komponentini qamrab oladi va tibbiy xizmatlarni yaxshilashga qaratilgan. Ushbu yo‘nalish Abu Dabi taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.
Loyiha O‘zbekiston hukumatining sog‘liqni saqlash tizimini modernizatsiya qilish dasturi doirasida amalga oshirilmoqda. U 2024-yil fevralda qabul qilingan prezident qarori asosida Qarshi va Beshkent shaharlarida yangi ko‘p tarmoqli shifoxonalar qurish hamda ularni zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlashni nazarda tutadi.
Beshkentda quriladigan yangi shifoxona mavjud infratuzilmaning o‘rnini bosadi. Amaldagi binolar qurilish talablari, seysmik barqarorlik va zamonaviy tibbiy xizmat ko‘rsatish standartlariga to‘liq javob bermaydi. Yangi muassasada akusherlik, pediatriya, jarrohlik, yuqumli kasalliklar, patologiya va ambulator tibbiy yordam xizmatlari yo‘lga qo‘yiladi.
Loyihaning yana ikki komponenti 2025-yil noyabrda imzolangan bo‘lib, ular Qarshi shahri va viloyatning boshqa hududlarida sog‘liqni saqlash infratuzilmasini rivojlantirish hamda Qashqadaryo bo‘ylab telemeditsina xizmatlarini joriy etishni qamrab oladi. Bu yo‘nalishlar Islom taraqqiyot banki mablag‘lari hisobidan amalga oshirilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, loyihaning umumiy qiymati qariyb 127,1 million AQSh dollarini tashkil etadi. Shundan 84,6 million dollari Islom taraqqiyot banki, 42,5 million dollari esa Abu Dabi taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan moliyalashtiriladi.
UNOPS Qarshi va Beshkent shifoxonalari uchun texnik-iqtisodiy asoslar, arxitektura va muhandislik loyihalarini ishlab chiqqan. Loyihaning asosiy maqsadi Qashqadaryo viloyati aholisining sifatli tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishdan iborat.
Source: www.gazeta.uz