Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston Markaziy banki raisi Timur Ishmetov Financial Times nashriga bergan intervyusida mamlakatning moliyalashtirish strategiyasi haqida gapirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston milliy valyutadagi moliyalashtirish ulushini bosqichma-bosqich oshirishni va tashqi qarzlar o‘rniga to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilishni maqsad qilgan.

Ishmetov ta’kidlashicha, tarixan moliyalashtirishning katta qismi xorijiy valyutada jalb qilingan, chunki mamlakatga investitsiyalar va tashqi resurslar zarur edi. Bu esa valyuta xatarlarini keltirib chiqargan. Shu sababli, so‘mdagi moliyalashtirish bozorini rivojlantirish muhim vazifa sifatida belgilangan.

Milliy valyutadagi moliyalashtirishni rivojlantirishning dastlabki qadami sifatida 2019-yilda Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) tomonidan Samarkand bonds chiqarilgani eslatib o‘tildi. Keyinchalik Moliya vazirligi avval yevrobondlarni xorijiy valyutada, so‘ngra milliy valyutada joylashtirgan. Ishmetovning aytishicha, bu katta muvaffaqiyat bo‘lib, investorlar tomonidan talab yuqori edi.

“Banklar milliy valyutada yevrobondlar chiqara boshladi, endi esa kompaniyalar ham shu yo‘nalishda harakat qilmoqda”, — dedi MB raisi. Uning qo‘shimcha qilishicha, Moliya vazirligi shu paytgacha moliyalashtirishda milliy valyutadan foydalanib kelgan, biroq 2026-yilda vaziyat o‘zgarishi mumkin.

Ishmetov milliy valyutadagi moliyalashtirish ulushini oshirish borasidagi sa’y-harakatlarni izohlar ekan, “Biz milliy valyutadagi moliyalashtirish ulushini bosqichma-bosqich oshirib boryapmiz. To‘plangan qarzning umumiy hajmi katta, shu bois o‘zgarishlar unchalik sezilarli bo‘lmasligi mumkin, biroq biz tobora ko‘proq yangi qimmatli qog‘ozlarni aynan so‘mda chiqaryapmiz”, — dedi.

Markaziy bank raisi investorlarning so‘mdagi vositalarga qiziqishi ortib borayotganini ham qayd etdi. Bu, uning fikricha, valyuta kursining barqarorligi va investorlarning uzoq muddatli istiqbolda past inflyatsiya hamda barqaror kurs ta’minlanishiga ishonchi bilan bog‘liq.

Shu bilan birga, Ishmetov valyuta xatarlari mavjudligi tashqi qarz olishdan butunlay voz kechishni anglatmasligini ta’kidladi. “Biz milliy valyutadagi moliyalashtirish bozorining ulushini oshirishga e’tibor qaratishimiz kerak”, — dedi u.

Kapital oqimi tuzilmasi haqida gapirar ekan, MB rahbari O‘zbekiston qarz mablag‘lariga emas, balki uzoq muddatli to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarga ko‘proq e’tibor qaratishi kerakligini ta’kidladi. U shuningdek, valyuta kursi siyosatiga to‘xtalib, “Biz suzuvchi kurs tarafdorimiz. Valyuta kursi bilan o‘ynash borasida juda yomon tajribaga egamiz. Bu xatolarni takrorlamaslik uchun bizga kimdir o‘rgatishi shart emas”, — dedi.

Ishmetov suzuvchi kursga o‘tish ko‘p vaqt talab qilganini va bu so‘nggi 10 yildagi islohotlar natijasi ekanini aytdi. “Mamlakatdagi so‘nggi o‘nyillik islohotlar doirasida, ayniqsa, ko‘p vaqt va sa’y-harakatlar evaziga suzuvchi valyuta kursiga o‘tdik. Endi biz u bilan o‘ynamoqchi emasmiz. Biz suzuvchi valyuta kursiga sodiq qolamiz”, — dedi u.

Kelgusida O‘zbekiston bir vaqtning o‘zida milliy valyutadagi moliyalashtirish ulushini oshirishi, ko‘proq to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalarni jalb etishi hamda iqtisodiy o‘sishning tashqi qarzga bog‘liqligini kamaytirishi lozim, deya xulosa qildi MB raisi.

Eslatib o‘tamiz, 2025-yil boshidan so‘m dollarga nisbatan sezilarli mustahkamlandi: 2025-yilda qariyb 7 foizga, 2026-yil boshidan buyon esa yana taxminan 1,9 foizga. Shu bilan birga, savdo taqchilligi yuqoriligicha qolmoqda. Iqtisodchi Mirkomil Xolboyev dollar kursining pasayishiga ta’sir qiluvchi omillarni tahlil qilgan.

Avvalroq Ishmetov Markaziy bank kapital operatsiyalari hisobini yanada erkinlashtirish bo‘yicha yo‘l xaritasi tayyorlangani va bu bosqichma-bosqich amalga oshirilishini ma’lum qilgandi. Shuningdek, u O‘zbekistonda ma’muriy tartibga solinadigan narxlarni, jumladan, suv va kommunal xizmatlar narxlarini erkinlashtirish yakunlanishini aytdi. Regulyator rahbari Markaziy bankni asosiy stavka va valyuta kursi bo‘yicha qarorlarda “to‘liq mustaqil” deb atadi.

Source: www.gazeta.uz