Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Tailand hukumati 93 davlat, jumladan O‘zbekiston fuqarolari uchun amal qilgan 60 kunlik vizasiz bo‘lish tartibini rasman bekor qildi. Bu haqda Bangkok Post nashri Tailand Qirollik gazetasiga tayanib xabar bermoqda.

Tegishli qaror Tailand bosh vaziri va ichki ishlar vaziri Anutin Charnvirakul tomonidan 31-avgust kuni imzolangan. Yangi tartib e’lon qilinganidan 15 kun o‘tib, ya’ni 2026-yil 15-sentabrdan kuchga kiradi.

May oyida Tailand Vazirlar mahkamasi chet el fuqarolari tomonidan mazkur rejim suiiste’mol qilinayotgani bo‘yicha ortib borayotgan xavotirlar fonida vizasiz bo‘lish muddatini qisqartirishni ma’qullagandi. Hukumatning qayd etishicha, xorijliklar sayyoh sifatida kirib kelib, noqonuniy korxonalar ochgan, tegishli ruxsatnomasiz ishlagan yoki transmilliy jinoiy sxemalarda ishtirok etgan.

Yangi qoidalarga ko‘ra, 60 ta davlat fuqarolari Tailandga 30 kungacha bo‘lgan muddatga vizasiz kirishlari mumkin bo‘ladi. Ular orasida Avstraliya, Buyuk Britaniya, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, Gruziya, BAA, AQSh, Turkiya, Ukraina va Yaponiya bor. Markaziy Osiyo davlatlaridan ushbu ro‘yxatga faqat Qirg‘iziston kiritildi.

Bundan tashqari, mazkur 60 ta davlat fuqarolariga Tailandga quruqlikdagi nazorat-o‘tkazish punktlari orqali bir kalendar yilida ko‘pi bilan ikki marta kirishga ruxsat etiladi. Bruney, Indoneziya, Malayziya va Singapur fuqarolari bundan mustasno.

Ozarbayjon, Belarus va Serbiya fuqarolari esa vizani yetib borgach (Visa on Arrival) olishlari mumkin bo‘ladi.

O‘zbekiston yuqorida qayd etilgan ro‘yxatlarning birortasiga ham kiritilmagan. Uzbekistan Airways ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolari 15-sentabrdan boshlab Tailandga sayyohlik maqsadida kirish uchun vizani oldindan rasmiylashtirishlari shart.

Viza olish uchun arizani safar oldidan, jumladan, rasmiy thaievisa.go.th portali orqali topshirish mumkin. Viza yig‘imi AQSh dollarida Tailandning eng yaqin konsulligida to‘lanadi.

Aviakompaniyaning aniqlik kiritishicha, Toshkentdan 14-sentabr kuni uchib ketib, Bangkokka 15-sentabrda yetib boradigan HY531 reysi yo‘lovchilariga nisbatan ham yangi viza talablari amal qiladi.

Uzoq yillar davomida Tailand 56 ta davlat fuqarolari uchun 30 kungacha bo‘lgan muddatga vizasiz tartibni taqdim etib kelgan. 2024-yilning iyul oyida bu muddat 60 kungacha uzaytirilgan, davlatlar ro‘yxati esa 93 tagacha kengaytirilib, unga O‘zbekiston ham kiritilgandi. Bu chora pandemiyadan so‘ng turizm sohasini qo‘llab-quvvatlash va iqtisodiyotni rag‘batlantirish maqsadida qabul qilingandi.

Source: www.gazeta.uz