Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga statistika sohasini isloh qilish bo‘yicha taqdimot bo‘lib o‘tdi. Unda milliy statistika tizimini 2030-yilgacha kompleks modernizatsiya qilish rejasi taqdim etildi.

Yangi strategiyaga ko‘ra, biznes uchun hisobot yukini 20 foizga kamaytirish, muqobil va ma’muriy ma’lumot manbalari ulushini 1,7 barobarga oshirish, axborotni qayta ishlash vaqtini 20 foizga, statistika tizimi xarajatlarini esa 25 foizga qisqartirish ko‘zda tutilgan.

Raqamli transformatsiyaning asosiy bo‘g‘ini Milliy ma’lumotlar platformasi bo‘ladi. U 2027-yil 1-iyulgacha ishga tushirilib, barcha davlat organlari tizimlarini birlashtiradi. Shu muddatga statistik ma’lumotlar sun’iy intellekt tizimlari tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahlil qilish uchun mos formatlarga o‘tkaziladi va ko‘rsatkichlarni solishtirish uchun maxsus AI-agentlar ishga tushiriladi.

2027-yil oxirigacha demografiya, infratuzilma va qishloq xo‘jaligi bo‘yicha barcha ma’lumotlar raqamli geofazoviy xaritalarda aks ettiriladi. Shu maqsadda mamlakatda Ma’lumotlarni boshqarish komissiyasi tashkil etiladi. Komissiya 1-dekabrgacha barcha idoraviy tizimlarni inventarizatsiyadan o‘tkazadi, 2027-yil 1-maygacha esa ularni takomillashtirish rejasini tasdiqlaydi.

Qo‘shimcha ravishda, davlat xizmatchilari, tahlilchilar va jurnalistlarni o‘qitish uchun Ma’lumotlarga asoslangan boshqaruv maktabi ochiladi, shuningdek, ochiq ma’lumotlar bo‘yicha loyiha ofisi ish boshlaydi.

2027–2028-yillarda O‘zbekiston Ko‘p ko‘rsatkichli klaster so‘rovining yettinchi bosqichini o‘tkazadi va XVF bilan birgalikda yangilangan statistika tizimining xalqaro standartlarga muvofiqligini baholaydi.

Davlat rahbari tezkor va ishonchli statistika to‘g‘ri boshqaruv qarorlarini qabul qilishning asosiy sharti ekanini ta’kidlab, belgilangan islohotlarni to‘liq amalga oshirishni topshirdi.

Eslatib o‘tamiz, 15-oktabrdan 30-noyabrgacha O‘zbekistonda biznes ro‘yxatga olish (perepis) o‘tkaziladi. Bu tadbirkorlik subyektlarining to‘liq inventarizatsiyasini o‘tkazish, ularning real holati va tarmoq mansubligini aniqlash, shuningdek, mamlakat korxona va tashkilotlarining statistik reyestrlarini sezilarli darajada yangilash imkonini beradi.

Source: podrobno.uz