Toshkentning Yakkasaroy tumanidagi Glinka ko‘chasida keng ko‘lamli ta’mirlash ishlari boshlandi. Shu yilning 3-sentyabr kuni ushbu hududda yer osti gaz quvuridan sizib chiqqan gaz portlashi oqibatida yo‘l qoplamasi vayron bo‘lgan edi.
Hozirda mutaxassislar zarar ko‘rgan uchastkada yangi asfalt qatlamini yotqizmoqda. Ta’mirlash jarayonini shaxsan Toshkent hokimi o‘rinbosari Obid Mo‘minov, Yakkasaroy tumani hokimi Nilufar Allabergenova va tuman IIB YHXB boshlig‘i Alisher Murodov nazorat qilmoqda.
Rahbarlar texnologik me’yorlarga rioya etilishi, ishlatilayotgan yo‘l qoplamasi sifati va harakat xavfsizligini ta’minlash choralarini tekshirdi. Mas’ul shaxslarga asfaltlash ishlarini imkon qadar qisqa muddatda yakunlash, transport harakatini to‘liq tiklash va aholi uchun yuzaga kelgan noqulayliklarni bartaraf etish topshirig‘i berildi.
Eslatib o‘tamiz, avariya 3-sentyabr kuni tushda, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yer osti gaz quvuridan gaz sizib chiqishi oqibatida sodir bo‘lgan. Gaz issiqlik tarmoqlari kamerasida to‘planib, kuchli portlashga sabab bo‘lgan va asfalt qoplamasini yirtib tashlagan.
Hodisa natijasida bir kishi engil jarohat olgan, shuningdek, yaqin atrofda to‘xtab turgan avtomobillar shikastlangan. Ushbu holat yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.
Source: podrobno.uz