Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

12-avgust kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Pop tumani (Namangan viloyati) sudida Rossiya-Ukraina urushida Rossiya tomonida jang qilgan fuqaro F.A.ga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Gazeta sud hujjati bilan tanishdi.

Sud hujjatiga ko‘ra, F.A. 2021-yil noyabrida ishlash uchun Rossiyaga borgan. 2023-yil oktabrida u Penza shahri sudi tomonidan narkotik moddasini noqonuniy saqlagani uchun 8 yil 6 oyga ozodlikdan mahrum qilingan. Jazoni o‘tayotgan vaqtida unga Rossiya Qurolli kuchlariga qo‘shilib, Ukrainadagi janglarda ishtirok etish taklif qilingan va u bu taklifni qabul qilgan.

2025-yil iyuli oxirida Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolagan F.A. Kaliningraddagi 336-sonli harbiy qismga granatomyotchik sifatida qabul qilinib, tayyorgarlikdan so‘ng Malinovka hududiga yuborilgan. U yerda Ukrainaga qarshi jangovar harakatlarda ishtirok etgan.

2025-yil 2-sentabrda jangovar topshiriqni bajarish uchun ketayotgan avtomashinasiga dron urilishi oqibatida F.A. qornining chap tomoni va o‘ng son sohalaridan yaralangan. Ukrainadagi janglarda ishtirok etgani uchun uning bank kartasiga bir marta 400 ming rubl o‘tkazib berilgan.

F.A. 2025-yil sentabrida Rossiya fuqaroligini olgan. 2026-yil fevralida O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasiga “Vatanga qaytish guvohnomasi” olish uchun murojaat qilgan va 18-fevralda Moskva-Toshkent reysi bilan O‘zbekistonga qaytgan.

Sudda F.A. aybiga to‘liq iqror bo‘lib, 2021-yil 3-noyabr kuni pul ishlash maqsadida Rossiyaga borganini aytdi. U Yekaterinburg va Penza shaharlarida turli ishlarda ishlagan.

2022-yil 13-sentabr kuni tanishi Ulug‘bek uni o‘rmonda qoldirilgan narkotik moddalarni olib kelishga chaqirgan. F.A. uning taklifi bilan o‘rmonga borganida Rossiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan ushlangan.

U 2023-yil oktabriga qadar tergov hibsida saqlangan. Shundan so‘ng Penza shahri sudi uni Rossiya Jinoyat kodeksining 228-moddasi (narkotik moddalar noqonuniy muomalasi) 3-qismi bilan aybdor deb topib, 8 yil 6 oyga ozodlikdan mahrum qilgan. F.A. jazoni Penzadagi qattiq tartibli koloniyada o‘tagan.

“Urushga borishdan bosh tortgan mahkumlarni qiynashdi”

F.A. Rossiyada jazo o‘tayotgan vaqtida harbiylar mahkumlarga Ukrainaga qarshi urushda ishtirok etishni taklif qilganini aytgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2025-yil iyunida koloniyaga harbiylar kelib, Rossiya Qurolli kuchlari tarkibida Ukrainaga qarshi urushda ishtirok etgan mahkumlarga pul va Rossiya fuqaroligini va’da qilgan. F.A. urushdagi vaziyatni bilgani uchun dastlab taklifni rad etgan.

Biroq, uning aytishicha, urushga borishdan bosh tortgan o‘zbek, tojik va qirg‘iz millatiga mansub mahkumlar qamoqxona xodimlari tomonidan bosimga uchragan: “Ularni bir asossiz qiynab, karserlarga joylashtirishardi”.

F.A.ning aytishicha, muassasa xodimlari mahkumlarga qamoqda umrbod qolib ketishlari va hech kim ularni himoya qilmasligini aytgan. Uning ta’kidlashicha, oxir-oqibat bunday qiynoq va iztiroblarga chiday olmay, Ukrainaga qarshi urushda ishtirok etish uchun shartnomaga imzo qo‘yishga majbur bo‘lgan.

“Shartnomaga ko‘ra, 1,9 mln rubl bir martalik mukofot berilishi kerak edi”

F.A. sudda shartnomada unga 1,9 mln rubl miqdorida bir martalik pul mukofoti va har oy 210 ming rubl to‘lanishi ko‘rsatilganini aytdi.

2025-yil 3-iyulda unga Rossiya fuqaroligi berilgan. Iyul oyining oxirida u kabi mahkumlarni harbiylar manzilgohini sir tutgan holda noma’lum aeroportga olib borishgan. U yerdan samolyotda Azov dengizi yaqiniga uchishgan.

F.A.ning aytishicha, u yerda unga harbiy forma, Kalashnikov avtomati va “VTB” bankiga tegishli, ichida 400 ming rubl bo‘lgan plastik karta berilgan.

U 2-sentabrga qadar harbiy mashg‘ulotlarda qatnashgan. Mashg‘ulotlarda jangovar quroldan foydalanish va dronlardan himoyalanish o‘rgatilgan. U dengiz piyoda qo‘shinlari safida granatomyotchik bo‘lgan.

“Urushga kirganimning birinchi kunidayoq dron hujumiga uchradim”

F.A.ning aytishicha, mashg‘ulotlardan so‘ng u Malinovka aholi punktiga olib borilgan. 2025-yil 2-sentabrda komandiri Gesha sakkiz nafar harbiyni “Baggi” rusumli avtomashinada jang bo‘layotgan hududga yuborgan. Ularning avtomashinasiga yo‘lda Ukraina droni urilgan.

“Dastlab nima bo‘lganini anglamay qoldim. Juda qattiq portlash yuz berdi. Keyin qornim va o‘ng oyog‘imning son qismida qattiq og‘riq paydo bo‘ldi. Qarasam, o‘sha joylarimdan qon oqayotgan ekan. Shunda hushimdan ketdim”, — dedi u.

F.A.ning aytishicha, o‘ziga kelganida Rostovdagi gospitalda yotganini ko‘rgan. Jarrohlik vaqtida qornidagi snaryad bo‘lagi olib tashlangan, ammo son qismidagisi qolgan.

U 26-sentabrga qadar gospitalda davolangan va keyin Kaliningraddagi 336-sonli harbiy qismga olib ketilgan.

“Rossiya fuqarolik pasportin yirtib, axlatga tashladim”

F.A.ning aytishicha, u 2026-yil fevraliga qadar Kaliningraddagi harbiy qismda nazorat ostida bo‘lgan. Jangga yaroqsiz holatda bo‘lgani uchun uni jangovar hududlarga yuborishmagan.

2026-yil 7-fevralda unga tanish bo‘lib qolgan Kolya ismli starshina yaqin kunlarda uni jangga olib ketishlari mumkinligini aytgan.

Shundan so‘ng F.A. 8-fevral kuni harbiy qismdan chiqib, Kaliningrad aeroportiga borgan. Rossiya fuqarolik pasporti orqali Moskvaga aviachipta olgan va O‘zbekiston elchixonasiga murojaat qilgan.

U elchixonada pasportini yo‘qotib qo‘ygani haqida ariza yozgan. 16-fevralda unga sertifikat berilgan. Shundan so‘ng F.A. Rossiya fuqarolik pasportini yirtib, axlatga tashlaganini aytgan.

17-fevralda Vnukovo aeroportidan Moskva-Toshkent reysiga chipta olib, O‘zbekistonga qaytib kelgan.

Sudda F.A. aybiga to‘liq iqrorligini, qilgan ishidan pushaymonligini va noilojlikdan shu ishga qo‘l urganini bildirib, suddan unga nisbatan yengillik berishni so‘ragan.

Sud F.A.ni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topdi. Jazo tayinlashda uning aybiga to‘liq iqror bo‘lgani, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligi va oilaviy sharoitini jazoni yengillashtiruvchi holatlar sifatida inobatga oldi. Jazoni og‘irlashtiruvchi holatlar mavjud emas, deb topildi.

Shu asosda Jinoyat kodeksining 57-moddasini (Yengilroq jazo tayinlash) qo‘llab, F.A.ga 2 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi.

Jazoni o‘tash muddati 2026-yil 12-avgustdan hisoblanishi va jazo umumiy tartibli koloniyada o‘talishi belgilandi. F.A.ga nisbatan qo‘llangan munosib xulq-atvorda bo‘lish to‘g‘risidagi ehtiyot chorasi o‘zgartirilib, u darhol sud zalidan qamoqqa olindi.

Source: www.gazeta.uz