Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkent shahar IIBB xabariga ko‘ra, 4-sentabr kuni Yashnobod tumani Ohangaron ko‘chasida YPX inspektori oq rangli Damasni to‘xtatib, tekshiruv o‘tkazgan.

Tekshiruv chog‘ida transport vositasida belgilangan me’yordan ancha ortiq yo‘lovchi — jami 25 nafar bog‘cha bolasi tashilayotgani aniqlangan. Haydovchining hujjatlari tekshirilganda esa u transport vositasini boshqarish huquqiga ega emasligi ma’lum bo‘lgan.

Ma’lum bo‘lishicha, haydovchi avvalroq mast holda transport boshqargani uchun sud qarori bilan haydovchilik guvohnomasidan mahrum etilgan. Shunga qaramay, u yana qoidabuzarlik qilib, bolalar hayotini xavf ostiga qo‘ygan.

Haydovchi o‘z qilmishi uchun bolalarning ota-onalari va bog‘cha xodimlaridan uzr so‘ragan va kelgusida qonunga rioya qilishga va’da bergan. Transport vositasi vaqtincha saqlash uchun jarima maydoniga joylashtirilgan.

Bu holat O‘zbekistonda bolalarni sig‘imidan ortiq tashish muammosi hali ham dolzarbligini ko‘rsatadi. May oyida Nurota tumanida 14 nafar bog‘cha bolasi bo‘lgan Matiz halokatga uchragan, natijada bir ayol vafot etgan, bolalar jarohat olgan edi.

Shu munosabat bilan YHXX 1−8-may kunlari bolalarni me’yordan ortiq tashish bilan bog‘liq 125 ta holatni aniqlagan. Ba’zi hollarda Damas’larda 25−28 nafargacha, Spark avtomobillarida esa 18 nafargacha bola tashilgani qayd etilgan.

Andijon viloyati Xo‘jaobod tumanida ham 21 nafar bog‘cha bolasini Tracker’da olib ketayotgan haydovchi YTH sodir etgan, oqibatda 6 yoshli qiz halok bo‘lgan. Sud haydovchini 3 yilga ozodlikni cheklash va 2 yilga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilish jazosiga hukm qilgan.

Mutasaddi idoralar tomonidan doimiy ogohlantirishlar va nazorat tadbirlari o‘tkazilayotganiga qaramay, bunday qoidabuzarliklar tez-tez takrorlanmoqda. Bu bolalar xavfsizligiga jiddiy tahdid solmoqda va qat’iy choralar ko‘rishni talab qilmoqda.

Source: www.gazeta.uz