Joriy yilning birinchi yarmida O‘zbekiston sudlari ayollarga nisbatan zo‘ravonlik va tazyiq bilan bog‘liq 2 018 ta jinoyat ishini ko‘rib chiqdi. Bu haqda Oliy sud ma’lumotlariga tayanib xabar berilmoqda.
Ushbu ishlar bo‘yicha jami 2 480 kishi ishtirok etgan. Sudlar 1 215 ta ish bo‘yicha ayblov hukmini chiqargan bo‘lib, ular 1 624 kishiga nisbatan qo‘llanilgan.
Ayblov hukmi chiqarilgan shaxslar orasida 84 nafari 18 yoshdan kichik, 597 nafari 18 yoshdan 30 yoshgacha, 893 nafari 31 yoshdan 60 yoshgacha va 50 nafari 60 yoshdan oshgan fuqarolardir. Hukm qilinganlarning 1 165 nafari ishsiz bo‘lgan.
Yanvar-iyun oylarida bunday jinoyat ishlari bo‘yicha jabrlanuvchi deb topilgan ayollar soni 2 146 nafarni tashkil etdi. Ulardan 581 nafari 18 yoshga to‘lmagan, 654 nafari 18 yoshdan 30 yoshgacha, 870 nafari 31 yoshdan 60 yoshgacha va 41 nafari 60 yoshdan oshgan.
Qayd etilishicha, bu raqamlar sudlarda ko‘rib chiqilgan jinoyat ishlarini aks ettiradi, ammo ayollarga nisbatan zo‘ravonlik va tazyiqning umumiy holatlarini to‘liq ifodalamaydi.
Source: uznews.uz