O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatda qariyb 315,2 ming nafar tadbirkor “Ikkinchi imkoniyat” iqtisodiy amnistiyasidan foydalanishi mumkin. Ular yil oxiriga qadar soliq qarzini to‘liq to‘lasa, ularga hisoblangan penyalar hisobdan chiqariladi.
Palataning aniqlik kiritishicha, ushbu toifadagi tadbirkorlarning 2026-yil 1-sentabrga qadar shakllangan soliq qarzdorligi 9,5 trln so‘mni tashkil etadi. Shu qarzga hisoblangan penya miqdori esa qariyb 1,5 trln so‘mga yetgan. Bu imkoniyat tadbirkorlarga moliyaviy yukni sezilarli darajada kamaytirish imkonini beradi.
“Ikkinchi imkoniyat” iqtisodiy amnistiyasi Shavkat Mirziyoyevning Xivada tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan VI ochiq muloqotidan so‘ng qabul qilingan prezident farmonida nazarda tutilgan. Hujjatga ko‘ra, tadbirkor amnistiya e’lon qilingunga qadar yuzaga kelgan soliq qarzdorligini 31-dekabrga qadar to‘liq to‘lasa, unga hisoblangan penya hisobdan chiqariladi. Shuningdek, mazkur qarzdorlik bilan bog‘liq ijro ishlari ham tugatiladi.
Savdo-sanoat palatasi tadbirkorlarga eslatib o‘tishicha, ushbu imkoniyatdan foydalanish uchun soliq qarzdorligining asosiy summasi 2026-yil 31-dekabrdan kechiktirmay to‘liq to‘lanishi kerak. Agar tadbirkor avval taqdim etilgan soliq hisobotidagi xatolarni mustaqil ravishda tuzatsa va qo‘shimcha hisoblangan soliqni yil oxiriga qadar to‘liq to‘lasa, ushbu summaga penya hisoblanmaydi.
Amnistiya doirasida ayrim jarimalar bo‘yicha qarzdorliklarni ham hisobdan chiqarish nazarda tutilgan. Savdo-sanoat palatasi ma’lumotiga ko‘ra, gap 2019−2025-yillarda to‘plangan ayrim jarimalar bo‘yicha 1,6 trln so‘mlik qarzdorlik, shuningdek, aylanmadan olinadigan soliq bo‘yicha 39,8 mlrd so‘mlik jarima qarzdorligi haqida bormoqda.
Farmonga muvofiq, 2026-yil 1-yanvarga qadar yuzaga kelgan soliq hisobotini o‘z vaqtida taqdim etmaganlik uchun ma’muriy jarimalarning to‘lanmagan qismi, shuningdek, qat’iy belgilangan miqdorda aylanmadan olinadigan soliq to‘lovchilariga qo‘llanilgan moliyaviy jarimalar hisobdan chiqariladi. Tadbirkorlar, shuningdek, soliq va yig‘imlarni to‘lash bo‘yicha to‘lov topshiriqnomasini bankka taqdim etmaganlik uchun ma’muriy javobgarlikdan ozod etiladi.
Bundan tashqari, iqtisodiy amnistiya doirasida qoidabuzarliklarni mustaqil ravishda bartaraf etgan tadbirkorlarning Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingidagi ballari pasaytirilmaydi. Farmon, shuningdek, avval rasmiylashtirilgan mehnat shartnomalarini o‘z vaqtida ro‘yxatdan o‘tkazmaganlik uchun jarima qo‘llamasdan Yagona milliy mehnat tizimiga kiritish imkonini beradi.
Hujjat bilan kichik biznes faoliyatini har qanday tekshirishga (ayrim istisnolardan tashqari) uch yillik moratoriy joriy etilishi tasdiqlangan. Biznes-ombudsmanga so‘nggi uch yil davomida o‘tkazilgan tekshiruvlarni o‘rganish topshirilgan.
Source: www.gazeta.uz