Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Serbiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Vuchich Belgradda bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunlari bo‘yicha Strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyani imzoladi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur hujjat ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga ko‘tarish, siyosiy, iqtisodiy va madaniy sohalardagi hamkorlikni kengaytirishni nazarda tutadi. Deklaratsiya doirasida tomonlar o‘zaro manfaatli ko‘plab yo‘nalishlarda hamkorlik qilishga kelishib oldi.

Prezidentlar huzurida, shuningdek, ikki tomonlama hujjatlarni almashish marosimi bo‘lib o‘tdi. Jumladan, mehnat mobilligi va migratsiyasi, avtomobil transportida yo‘lovchi va yuklarni xalqaro tashish, hududlararo hamkorlik, qishloq va suv xo‘jaligi hamda qishloq joylarni barqaror rivojlantirish sohalaridagi hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlar imzolandi.

Shuningdek, bojxona ishlarida hamkorlik va o‘zaro yordam, erkin savdo to‘g‘risidagi bitim bo‘yicha muzokaralarni boshlash uchun ishchi guruh tuzish, qayta tiklanuvchi energetika va “yashil” texnologiyalar, farmatsevtika va biotexnologiyalar, turizm va madaniy safarlar sohalaridagi hamkorlik to‘g‘risidagi hujjatlar ham imzolandi.

Tomonlar O‘rta yo‘lakni qo‘llab-quvvatlash, temir yo‘l infratuzilmasi, iqtisodiy diplomatiya, kinematografiya sohasida hamkorlik qilish va qo‘shma filmlar ishlab chiqarish, 2026−2028-yillarda madaniyat sohasida hamkorlik to‘g‘risida ham kelishuvga erishdilar.

Bundan tashqari, mehnat xavfsizligi va sog‘liqni muhofaza qilish, nogironligi bo‘lgan shaxslarni himoya qilish va ularning jamiyatdagi mavqeini qo‘llab-quvvatlash, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, raqamlashtirish, elektron hukumat va zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash, atrof-muhitni muhofaza qilish sohalaridagi hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlar ham imzolandi.

Shuningdek, Samarqand viloyati va Voyevodina avtonom o‘lkasi o‘rtasida sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risida ham hujjat qabul qilindi. Bu ikki mintaqa o‘rtasida iqtisodiy va madaniy aloqalarni rivojlantirishga xizmat qiladi.

Ushbu keng ko‘lamli hujjatlar to‘plami O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish va investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish uchun mustahkam huquqiy asos yaratadi.

Source: www.gazeta.uz