Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida fuqarodan pora talab qilgan Ichki ishlar bo‘limi Tezkor-qidiruv xizmatining ikki nafar sobiq xodimi ustidan sud hukmi o‘qildi. Bu haqda “Zo‘r tv” telekanalining “Bu kun” dasturida ma’lum qilindi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida aniqlanishicha, Xovos tumanidagi fermer xo‘jaligi rahbari yer maydonida sodir etilgan noqonuniy holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilgan. Dastlabki tekshiruvda bir fuqaro fermerga 30–40 million so‘m atrofida zarar yetkazgani qayd etilgan.
Biroq IIBning ikki nafar tezkor vakili soxta dalillar uyushtirib, fermerga go‘yoki yetkazilgan zararni to‘liq undirib bo‘lmasligini, lekin 10–12 million so‘mini olib berishga yordam berishlarini aytgan. Fermer bu taklifga rozi bo‘lgan. Shundan so‘ng, xodimlar gumonlanuvchi shaxsni “yetkazilgan zarar 50 million so‘mni tashkil etadi, agar bu summani to‘lamasang, qamalib ketasan” deya qo‘rqitgan.
Fuqaro dastlab ularga 24 million so‘m olib kelib bergan. Sobiq xodimlar ushbu puldan 12 million so‘mini fermerga berib, ishni sudda ma’muriy huquqbuzarlik sifatida rasmiylashtirib berish va jinoiy javobgarlikdan ozod qilish evaziga qo‘shimcha 35 million so‘m pora talab qilgan. IIB xodimlari talab qilingan summaning qolgan 11 million so‘mini olayotgan vaqtida o‘tkazilgan tezkor tadbirda qo‘lga olingan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Sayxunobod tuman sudida bo‘lib o‘tgan majlisda sudlanuvchilar o‘z qilmishidan pushaymonligini bildirgan. Sud tomonidan jinoyatni ochishda faol yordam bergan bir nafar sudlanuvchiga 5 yil 1 oy muddatga, ikkinchi sudlanuvchiga esa 6 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Shuningdek, sud tomonidan kelgusida bu kabi holatlarning oldini olish maqsadida Sirdaryo viloyati IIB manziliga xususiy ajrim chiqarilgan.
Source: www.gazeta.uz