Xorijda ishlab, O‘zbekistonga qaytgan va o‘z biznesini yo‘lga qo‘ygan fuqarolar biznesini kengaytirish va yangi ish o‘rinlari yaratish uchun 60 million so‘mgacha grant olishlari mumkin. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar berdi.
Grant tanlovi Migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkilot (MXT) va Migratsiya agentligi hamkorligida, Shvetsiya Adliya vazirligi moliyaviy ko‘magida o‘tkazilmoqda. Tanlovda 2025−2026-yillarda xorijda ishlab, O‘zbekistonga qaytgan fuqarolar ishtirok etishi mumkin.
Grant olish uchun nomzodlarni tanlashda biznesni rivojlantirish bo‘yicha aniq va asoslangan g‘oya, yangi ish o‘rinlari yaratish imkoniyati, shuningdek, mavjud biznesning barqarorligi va samaradorligiga e’tibor qaratiladi. Tanlovda xotin-qizlarning faol ishtiroki alohida qo‘llab-quvvatlanadi. Arizalar 21-sentabrga qadar qabul qilinadi. Savollar bo‘yicha Telegram orqali +998 900215038 raqamiga murojaat qilish mumkin.
Shuningdek, MXT va Migratsiya agentligi Buyuk Britaniyaning Mavsumiy ishchilar sxemasi doirasida ishlab qaytgan fuqarolar uchun kichik biznesni kengaytirishga qaratilgan grantlar tanlovini ham o‘tkazmoqda. Unda ham 60 million so‘mgacha grant olish mumkin. Tanlovda 2024−2026-yillarda Buyuk Britaniyaning Mavsumiy ishchilar sxemasi doirasida ishlab, O‘zbekistonga qaytgan fuqarolar ishtirok eta oladi.
Nomzodlar biznesga o‘z mablag‘idan sarmoya kiritishga tayyor bo‘lishi, shuningdek, Toshkent shahrida o‘tkaziladigan bir kunlik intensiv treningda shaxsan ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak. Trening bilan bog‘liq barcha xarajatlar tashkilot tomonidan qoplanadi. Nomzodlardan biznes yuritish bo‘yicha tasdiqlangan tajribaga ega bo‘lish, ya’ni biznes yoki startap yuritgan bo‘lish talab etiladi. Shuningdek, ulardan yangi ish o‘rinlarini yaratish salohiyati, biznes-rejaning uzoq muddatli istiqboli, ta’siri va barqarorligini ta’minlashga tayyorlik talab qilinadi.
Grant dasturining ishtirokchilar turmush sharoitini yaxshilashga ta’sirini baholash maqsadida nomzodlar kelgusi 24 oy davomida MXT bilan hamkorlik qilishga rozi bo‘lishi kerak. Bu tanlovda ham xotin-qizlarning faol ishtiroki alohida qo‘llab-quvvatlanadi. Buyuk Britaniyada Mavsumiy ishchilar sxemasi doirasida ishlab qaytganlar uchun arizalar 20-sentabrga qadar qabul qilinadi. Savollar bo‘yicha Telegram orqali +998 920012418 raqamiga murojaat qilish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, iyun oyida O‘zbekiston va Shvetsiya migratsiya va mobillik bo‘yicha ilk hukumatlararo bitimni imzolagan edi. U tibbiyot, texnika, xizmatlar, parvarish sohalari mutaxassislarini Shvetsiya mehnat bozoriga tayyorlash, ish beruvchilar bilan bog‘lash, talaba va tadqiqotchilar uchun akademik almashinuv imkoniyatini kengaytirishni ko‘zda tutadi. Migratsiya va mobillik bo‘yicha uch yillik pilot dastur Xalqaro migratsiya tashkiloti ishtirokida amalga oshiriladi. Uning doirasida Shvetsiya mehnat bozori ehtiyojlari o‘rganiladi, shved tili va kasbiy tayyorgarlik dasturlari yo‘lga qo‘yiladi.
Source: www.gazeta.uz