Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekistonda maktab darsliklarini 2027−2031-yillarda yangilangan o‘zbek alifbosiga to‘liq o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Azizbek Turdiyev Senatning 19-sentabrdagi majlisida senatorlarning savollariga javob berayotib ma’lum qildi.

Senator Dilbar Suvonova alifbo o‘zgarishi munosabati bilan darsliklar, o‘quv qo‘llanmalari, dasturlar va adabiyotlarni qayta ishlash muddatlari belgilanganmi-yo‘qmi hamda bunga qo‘shimcha mablag‘lar nazarda tutilganmi, deb qiziqdi. Vazir o‘rinbosari Vazirlar Mahkamasi qonunni amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini tasdiqlashi kerakligini aytdi. Ijro hokimiyati organlari va Fanlar akademiyasi o‘z takliflarini, jumladan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi — darsliklarni yangilash hamda o‘qituvchi va o‘quvchilarni tayyorlash bo‘yicha takliflarini yuborgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, darsliklar hozir ham belgilangan davriylik bilan yangilanib borilmoqda: 1-sinflar uchun — har yili, 2−4-sinflar uchun — uch yilda bir marta, 5−11-sinflar uchun — besh yilda bir marta. “2027-yildan boshlab, qonun kuchga kirgach, birinchi sinf uchun darsliklarni har qanday holatda ham yangi alifbodan foydalangan holda chop etamiz”, — dedi vazir o‘rinbosari. U 2027−2031-yillarda barcha maktab darsliklari ularni qayta nashr etishning odatiy sikli doirasida yangilanishini qo‘shimcha qildi. “2027-yildan 2031-yilgacha barcha darsliklarimiz to‘liq yangilanadi. […] Bu nuqtai nazardan qo‘shimcha mablag‘ talab qilinmaydi”, — dedi vazirlik vakili.

Vazirlik, shuningdek, o‘qituvchi va o‘quvchilarni moslashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni tayyorlamoqda. Vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, yangi o‘quv yili boshlanishidan oldin, 24−28-avgust kunlari maktabgacha va maktab ta’limi tizimida o‘quv seminarlarini o‘tkazish rejalashtirilgan. “O‘qituvchi va o‘quvchilar ushbu yangiliklardan xabardor qilinadi va ularga moslasha oladilar”, — dedi u.

Majlisda islohotdan so‘ng imtihonlar qaysi alifboda o‘tkazilishi masalasi alohida muhokama qilindi. “Qonun kuchga kirgandan so‘ng imtihonlar qonun bilan belgilangan alifboda o‘tkaziladi. Bu borada hech qanday savol bo‘lmaydi. Biz bunga tayyormiz”, — dedi vazir o‘rinbosari. U boshlang‘ich maktabda yangilangan alifbo bo‘yicha ta’lim yangi darsliklardan boshlanishini, yuqori sinflar uchun qo‘llanmalarni esa bosqichma-bosqich o‘zgartirish nazarda tutilayotganini ta’kidladi.

Avvalroq Senat lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘zgartirishlarni ma’qullagan edi. Yangi variant amaldagi 26 ta harf va uchta harflar birikmasi o‘rniga 28 ta harf va bitta apostrofdan iborat bo‘ladi. “Sh”, “Ch”, “Oʻ” va “Gʻ” o‘rniga “Ş”, “Ç”, “Ö” va “Ğ” ishlatish, “Ng”ni esa alohida birlik sifatida alifbo tarkibidan chiqarish taklif etilmoqda.

Source: www.gazeta.uz