Oliy Majlis Senati 19-yalpi majlisida lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini o‘zgartirish to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi va ko‘rib chiqish uchun prezidentga yubordi. Hujjat amaldagi 26 ta harf va uchta harflar birikmasi o‘rniga 28 ta harf va bitta apostrofdan iborat alifboga o‘tishni nazarda tutadi.
Qonun loyihasi bo‘yicha senator Odiljon Mamatkarimov ma’ruza qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, alifboni qayta ko‘rib chiqish zarurati nafaqat imlo masalalari, balki raqamli muhitda o‘zbek tilidan foydalanish muammolari bilan ham bog‘liq. U lotin alifbosini takomillashtirish masalasi qariyb 30 yildan beri hal etilmay qolayotganini eslatib o‘tdi. 2023-yil iyul oyida prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent saylovchilari bilan uchrashuvda alifboni qayta ko‘rib chiqish tashabbusi bilan chiqqan edi. Keyinchalik davlat rahbari mutaxassislar ishtirokida tegishli qonun loyihasini tayyorlashni topshirgandi.
Senatorning so‘zlariga ko‘ra, taklif etilayotgan islohot “shunchaki texnik o‘zgarish emas”. U yozuvni “bir tovush — bir harf” tamoyiliga yaqinlashtirishi va 1995-yilda alifboning amaldagi tahriri qabul qilinganidan keyin yuzaga kelgan qator qiyinchiliklarni bartaraf etishi kerak. O‘zgarishga ko‘ra, hozirda ikkita belgi bilan ifodalanayotgan to‘rtta harf bitta belgiga almashtiriladi. “Sh” o‘rniga “Ş”, “Ch” o‘rniga “Ç”, “Oʻ” o‘rniga “Ö”, “Gʻ” o‘rniga “Ğ” ishlatish taklif etilmoqda. Alifboning qolgan harflari o‘zgarishsiz qoladi.
Asosiy muammolardan biri sifatida “Oʻ” va “Gʻ” harflari ko‘rsatildi. Odiljon Mamatkarimovning so‘zlariga ko‘ra, ularni kompyuterda tertish uchun ayrim hollarda oltitagacha harakatni bajarish talab etiladi, amaliyotda esa ularni yozishning o‘ndan ortiq variantlaridan foydalanilmoqda. Bunday farqlar, xususan, foydalanuvchilar yagona belgi o‘rniga apostrofning turli shakllari va boshqa belgilarni qo‘llashi bilan bog‘liq. Natijada kompyuter dasturlari ma’nodosh so‘zlarni turlicha qabul qilishi mumkin. Bu, senatorning so‘zlariga ko‘ra, elektron lug‘atlar va dasturlarni yaratishni, shuningdek, umuman o‘zbek tilini raqamlashtirishni qiyinlashtiradi.
“Zamonaviy axborot texnologiyalari ushbu harflar mavjud so‘zlarni yaxlit so‘z sifatida qabul qilmaydi. Natijada turli dastur va lug‘atlarni yaratishda, umuman o‘zbek tilini raqamlashtirishda jiddiy muammolar yuzaga kelmoqda”, — dedi u. Uning ta’kidlashicha, amaldagi alifbo kompyuter klaviaturalari, smartfonlar va qidiruv tizimlari uchun ham noqulay. Kodlashdagi farqlar tufayli qidiruv tizimlari “Oʻ” va “Gʻ” harflarini turlicha tanishi va o‘zbek tilidagi ma’lumotlarni to‘liq indeksga kiritmasligi mumkin.
O‘zgarishlar Ch va Sh harflar birikmalariga ham daxldor. Senator tegishli tovushlar o‘zbek tilida faol ishlatilishini ta’kidladi — uning so‘zlariga ko‘ra, ingliz tiliga nisbatan 3−5 baravar ko‘proq. Majlisda ta’kidlanganidek, ayrim so‘zlarda Ch va Sh harflarining ketma-ket qo‘llanishi ularni yozish va o‘qishni murakkablashtiradi va imloviy chalkashliklarga olib kelishi mumkin. Qonunni ishlab chiqish jarayonida mutaxassislar to‘rtta “muammoli” tovushni alohida harflar bilan belgilash zarur, degan xulosaga kelishdi. Ma’ruzada qayd etilganidek, analogik belgilar allaqachon bir qancha Yevropa va turkiy tillar alifbosida qo‘llanilmoqda. Senator ushbu harflardan turli tillarda jami 300 millionga yaqin aholi foydalanishini aytdi.
Hozirda alohida birlik hisoblangan “Ng” alifbo tarkibidan chiqariladi. Bunday qaror “Ng” ikki harf birikmasi ekani va o‘zbekcha so‘zlarning boshida ishlatilmasligi bilan izohlanadi. Shu bilan birga, harflar birikmasining o‘zi saqlanib qoladi. Uning yozilishi, qo‘llanilishi va talaffuz qilinishi qoidalari orfografiya qoidalarida alohida mustahkamlanadi. Odiljon Mamatkarimovning so‘zlariga ko‘ra, alohida yaxlit belgilarga o‘tish o‘zbek tilidagi raqamli yechimlarni ishlab chiqishni soddalashtirishi kerak. Xususan, u yangi tizim milliy klaviaturalar va sun’iy intellekt modellarini, jumladan matnni nutqqa aylantirish tizimlarini ishlab chiqishni uch baravar tezlashtirish imkonini berishini aytdi. Shuningdek, yangilangan alifbo ISO xalqaro standartlariga mos kelishi va xorijda hujjatlar bilan ishlashni yengillashtirishi ta’kidlandi.
Loyiha mualliflarining fikricha, O‘zbekiston alifbosining lotin yozuvidan foydalanadigan boshqa turkiy tilli mamlakatlar yozuv tizimlariga yaqinlashuvi kitob ayirboshlash va tarjimalarni yengillashtirishi, shuningdek, madaniy, ilmiy va iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga xizmat qilishi mumkin. Qonunda fuqarolar va tashkilotlar manfaatlarini hisobga olgan holda o‘tish davri nazarda tutilgan. Yangi normalar kuchga kirgunga qadar amaldagi alifbo asosida rasmiylashtirilgan hujjatlar, milliy valyuta va qimmatli qog‘ozlarning muomalada bo‘lishiga yo‘l qo‘yiladi. Davlat organlari va tashkilotlariga ham harflarning avvalgi variantlarini o‘z ichiga olgan alohida ramziy belgilar va boshqa atributlarni darhol almashtirish talab etilmaydi. Peshlavhalar, geografik obyektlar nomlari yozilgan ko‘rsatkichlar, binolarni bezashning alohida elementlari va boshqa obyektlardan ular jismonan eskirgunga qadar yoki qonunni amalga oshirish dasturi bilan belgilanadigan muddatlargacha foydalanish mumkin bo‘ladi.
Senatda ta’kidlanganidek, qonun o‘zbek alifbosi va orfografiya qoidalarini takomillashtirishga, davlat tilini qo‘llash imkoniyatlarini kengaytirishga va uni raqamlashtirishga xizmat qilishi kerak. Muhokamalar yakunlari bo‘yicha senatorlar qonunni ma’qullashdi.
Source: www.gazeta.uz