Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Namangan xalqaro aeroportida qiymati 1,1 mlrd so‘mga baholanayotgan qimmatbaho metallarni Hindistonga noqonuniy olib chiqishga urinishga chek qo‘yildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) xabar berdi.

DXXning Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat Bojxona boshqarmasi xodimlari hamkorligida aeroportda tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbir davomida Namangan — Dehli yo‘nalishida Hindistonga uchib ketmoqchi bo‘lgan Andijon va Farg‘ona viloyatlarida yashovchi besh nafar fuqaro maxsus tekshiruvdan o‘tkazilgan.

Tekshiruv natijasida ular o‘z ichki a’zolaridan “jonli konteyner” sifatida foydalanib, umumiy og‘irligi 555 gramm bo‘lgan oltin quymalari hamda 200 gramm zargarlik buyumlarini yashirin ravishda xorijga olib chiqishga uringani aniqlangan. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, olib chiqishga urinilgan qimmatbaho metallarning umumiy taxminiy qiymati 1,1 mlrd so‘mni tashkil etadi.

Hozirda holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda. Avvalroq “Navoiy” chegara bojxona postida bolalardan foydalanib valyuta va tillani noqonuniy olib chiqishga urinish fosh etilgandi. Ayollardan biri chaqaloq tagligiga salkam 200 grammlik tilla quymalarini, boshqasi esa 14 yoshli qizining kiyimi ostiga 40 ming dollarni yashirgani ma’lum bo‘lgan.

Source: www.gazeta.uz