Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Prezident farmoniga ko‘ra, Prezident administratsiyasi rahbari Saida Shavkatovna Mirziyoyeva hozirgi lavozimi bilan birga, o‘rindoshlik asosida Toshkent xalqaro moliya markazi (TXMM) boshqaruvchisi lavozimiga tayinlandi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, boshqaruvchi Moliya markazi kengashining bosh kotibi hisoblanadi, kun tartibini shakllantirishni tashkil etadi hamda rais qatnashmagan majlislarda ularga raislik qiladi. Bu lavozim markaz faoliyatini muvofiqlashtirishda muhim ahamiyatga ega.

Moliya markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yishni muvofiqlashtirish boshqaruvchining asosiy vazifalaridan biri bo‘ladi. Birinchi navbatdagi hujjatlarni tayyorlash, davlat organlari va markaz tuzilmalari o‘rtasidagi hamkorlikni yo‘lga qo‘yish shular jumlasidandir.

Shuningdek, boshqaruvchi TXMM nomidan O‘zbekistonda va xorijda xalqaro tashkilotlar, investorlar va hamkorlar bilan munosabatlarda markazni vakillik qiladi. U kadrlar bo‘yicha qarorlar qabul qilishda ishtirok etadi, jumladan, Moliya markazi ma’muriyatining ijrochi direktori va uning o‘rinbosarlarini tayinlash, Moliyaviy xizmatlar boshqarmasi rahbariyati bo‘yicha tavsiyalar kiritish huquqiga ega.

Boshqaruvchi, shuningdek, bitimlar tuzish, ishchi guruhlar tashkil etish va ekspertlarni jalb qilish huquqiga ega. Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev iyul oyida Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy qonunni imzolagan edi. Markaz hududida maxsus huquqiy va valyuta rejimlari, alohida moliyaviy regulyator hamda mustaqil tijorat sudi faoliyat yuritadi, uning ishtirokchilariga esa 2076-yilgacha soliq imtiyozlari taqdim etiladi.

Source: www.gazeta.uz