3-sentabr kuni Toshkentning Glinka ko‘chasidagi yerosti gaz quvuridan gaz sizib chiqishi oqibatida yuz bergan portlashdan so‘ng poytaxt hokimining topshirig‘iga binoan maxsus ishchi guruh tuzilib, shaharning boshqa hududlarida ham tekshiruvlar o‘tkazdi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ishchi guruh tarkibiga Veolia Energy Tashkent (issiqlik ta’minoti), “Toshkent shahar suv ta’minoti” va “Hududgaz Poytaxt” (gaz ta’minoti) kompaniyalari mutaxassislari kirdi. Tekshiruvlar davomida o‘rta bosimli gaz quvurlarida 4 ta, past bosimli gaz quvurlarida esa 6 ta gaz sizib chiqish holati aniqlandi. Barcha nosozliklar tezkorlik bilan bartaraf etildi, deyiladi xabarda.
Glinka ko‘chasida ta’mirlash-tiklash ishlari yakunlanib, transport harakati qayta tiklandi. Shu bilan birga, “Hududgazta’minot” va boshqa tashkilotlarning ko‘chma laboratoriyalari ehtimoliy gaz sizib chiqish holatlarini aniqlash maqsadida mazkur ko‘chaga tutash hududlardagi muhandislik tarmoqlarini kompleks tekshiruvdan o‘tkazmoqda.
“Mazkur ishlar kelgusida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan avariya holatlarining oldini olish, aholi xavfsizligini ta’minlash hamda shahar infratuzilmasining barqaror va ishonchli ishlashiga qaratilgan”, — deya qayd etdi hokimlik.
Eslatib o‘tamiz, yozda Glinka ko‘chasida eskirgan muhandislik tarmoqlarini yangilash va quvurlarni almashtirish ishlari olib borilgandi. Yakkasaroy tumani hokimligi yangi quvurlarning mustahkamligi va ishga yaroqliligi tekshirilganini ma’lum qilgandi.
Source: www.gazeta.uz