O‘zbekistonda maishiy shovqinga qarshi kurashish talablarini buzganlik uchun javobgarlik sezilarli darajada kuchaytirilmoqda. Bu prezident tomonidan 9-sentabrda imzolangan va 11-dekabrdan kuchga kiradigan qonunda nazarda tutilgan. Hujjat sukunatga rioya qilish bo‘yicha yangi talablarni belgilashdan tashqari, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ham o‘zgartishlar kiritadi.
Xususan, MJtKning 192-moddasi (Maishiy shovqinga qarshi kurashish talablarini buzish) yangi tahrirda bayon etiladi. Hozirda fuqarolarning tungi vaqtda osoyishtaligi va normal dam olishini buzish quyidagicha jarimaga sabab bo‘ladi: bir yil davomida xuddi shunday huquqbuzarlik takroran sodir etilganda jarima fuqarolar uchun BHMning ½ qismini, mansabdor shaxslar uchun BHMning ½ qismidan 1 baravarigacha (440 ming so‘mgacha) tashkil etadi.
To‘zatishlar kuchga kirgach, undiruv miqdorlari sezilarli darajada oshiriladi. Maishiy shovqinga qarshi kurashish talablarini buzganlik uchun fuqarolarga BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha (1,32 mln so‘mdan 2,2 mln so‘mgacha), mansabdor shaxslarga esa 10 baravaridan 15 baravarigacha (4,4 mln so‘mdan 6,6 mln so‘mgacha) miqdorda jarima solinadi. Xuddi shunday huquqbuzarlik bir yil davomida takroran sodir etilsa, jarima: fuqarolar uchun — BHMning 5 baravaridan 7 baravarigacha (3,08 mln so‘mgacha), mansabdor shaxslar uchun — 15 baravaridan 20 baravarigacha (8,8 mln so‘mgacha) tashkil etadi.
Shu tariqa, fuqarolar uchun birinchi huquqbuzarlik uchun jarima BHMning 1/3 qismidan 3−5 baravarigacha, ya’ni taxminan 9−15 baravarga oshadi. Mansabdor shaxslar uchun sanksiyalar yanada sezilarli darajada ortadi. O‘zgartirishlar bir vaqtning o‘zida MJtKning 192-moddasida ko‘rsatilgan vaqt oralig‘ini ham o‘zgartiradi. Amaldagi 23:00 dan 6:00 gacha bo‘lgan yagona davr o‘rniga hafta kunlariga qarab turli soatlar belgilanmoqda: ish kunlarida — 23:00 dan 7:00 gacha, dam olish va ishlanmaydigan bayram kunlarida — 22:00 dan 9:00 gacha.
Gap ruxsat etilgan darajadan yuqori shovqin bilan fuqarolarning osoyishtaligi va normal dam olishini buzish haqida bormoqda. Haddan tashqari shovqinli transport vositalari uchun javobgarlik alohida kuchaytirilmoqda. Hozirda MJtKning 125-moddasiga ko‘ra, shovqin darajasi belgilangan normalardan ortiq bo‘lgan avtomobilni boshqarish ogohlantirishga yoki BHMning 0,5 baravari (220 ming so‘m) miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi. Qonun kuchga kirgach, ogohlantirish chiqarib tashlanadi, jarima esa BHMning 1 baravarigacha (440 ming so‘m) oshiriladi.
Vazirlar Mahkamasiga hukumat qarorlarini qonunga muvofiqlashtirish topshirildi. Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va unga zid bo‘lgan qoidalarni bekor qilishlari kerak.
Source: www.gazeta.uz