Toshkent shahar qo'riqlash xizmatida Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Qo'riqlash departamenti boshlig'i va O'zbekiston Turizm qo'mitasi rais o'rinbosari o'rtasida uchrashuv bo'lib o'tdi. Tadbirda xorijiy va mahalliy sayyohlar xavfsizligini ta'minlash, ular uchun qulay va xavfsiz turistik muhit yaratish masalalari ko'rib chiqildi.
Uchrashuvda turizm sohasining jadal rivojlanishi, xorijiy mehmonlar sonining ortishi va turistik marshrutlarning kengayishi xavfsizlikni ta'minlashga zamonaviy yondashuvlarni talab qilishi ta'kidlandi. Shu munosabat bilan Qo'riqlash departamenti tomonidan yangi xizmat turlari taqdim etildi.
Xususan, xorijiy sayyohlar, rasmiy delegatsiyalar, biznes vakillari va boshqa mehmonlarning shaxsiy xavfsizligini ta'minlash uchun tansoqchilar xizmatidan foydalanish masalasi muhokama qilindi. Mazkur xizmat sayohat davomida xavfsizlikni kafolatlash, yuzaga kelishi mumkin bo'lgan xatarlarni oldindan baholash, marshrut bo'ylab zarur xavfsizlik choralarini tashkil etish va favqulodda vaziyatlarda tezkor javob berish imkonini beradi.
Shuningdek, tomonlar turistik ob'ektlarda texnik qo'riqlash vositalari, zamonaviy videokuzatuv tizimlari va tezkor javob guruhlarini kengroq qo'llash masalalarini muhokama qildilar. Turistik marshrutlar bo'yicha xatarlarni tahlil qilish, turistik ob'ektlar va infratuzilmani o'rganish, zarur hollarda qo'riqlashni kuchaytirish hamda tezkor aloqa va javob mexanizmlarini yo'lga qo'yish taklif etildi.
Source: uznews.uz