Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Ijtimoiy tarmoqlarda Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga (NKMK) qarashli kon maydonida avtomobil shinasi portlashi oqibatida ikki ishchi halok bo‘lgani haqida xabarlar tarqaldi. Bu voqea jamoatchilikda katta tashvish uyg‘otdi.

NKMK matbuot xizmatining rasmiy ma’lumotiga ko‘ra, baxtsiz hodisa 10-sentabr kuni taxminan soat 15:00 da «Qizilqum» rudaboshqarmasining 1-sonli «Pistali» transport sexiga tegishli bo‘lgan, ilgari foydalanilgan avtomobil shinalarini saqlash maydonchasida yuz bergan. Bu yerda shinalarni saqlash va utilizatsiya qilish bilan bog‘liq ishlar olib borilgan.

Fojia shinomontaj ishlari paytida sodir bo‘lgan: avtomobil-trubovoz tirkamasida shina portlab, natijada ikki nafar ishchi hayotdan ko‘z yumgan. Hodisa joyida tezkor xizmatlar ish olib borgan.

Hozirda huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan dastlabki tergov tekshiruvi o‘tkazilmoqda. Shuningdek, nazorat qiluvchi davlat organlari tomonidan maxsus tekshiruv boshlangan bo‘lib, uning doirasida voqea holatlari va baxtsiz hodisa sabablari aniqlanmoqda.

NKMK matbuot xizmati kompaniya mas’ul xizmatlari kelgusida shunga o‘xshash hodisalarning oldini olish uchun zarur choralar ko‘rayotganini ma’lum qildi. Biroq bu fojia sanoat xavfsizligi qoidalariga rioya etilishi yuzasidan jiddiy savollar tug‘dirmoqda.

Source: uznews.uz