Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston fuqarolarining xorijda ishga joylashish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida Germaniya, Yaponiya, Janubiy Koreya va Buyuk Britaniyadan 20 ta yirik rekruting kompaniyasini jalb qilish rejalashtirilmoqda. Bu haqda prezident ishtirokida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum bo‘ldi.

Xorijiy mehnat bozori uchun maqsadli kadrlar tayyorlashni kuchaytirish doirasida Germaniyaning xususiy o‘quv markazlari bilan birgalikda 500 kishi uchun nemis tili kurslarini tashkil etish, shuningdek, Chexiya va Slovakiya uchun tibbiyot xodimlarini tayyorlash ko‘zda tutilgan.

Fransuz kompaniyalari bilan alohida loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Xususan, har yili 1,5 ming nafar o‘zbekistonlikni Fransiyada mavsumiy ishlarga joylashtirish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, Olmazor tumanida kasb-hunar ko‘nikmalari markazi bazasida axborot texnologiyalari va ilg‘or innovatsiyalar yo‘nalishlari bo‘yicha 400 o‘rinli texnikum, sobiq Toshkent arxitektura-qurilish kolleji binosida esa zamonaviy kasb-hunar o‘quv markazi tashkil etiladi. Boshqa mavjud binolar ham kasbiy tayyorgarlik uchun samarali foydalaniladi.

Shuningdek, prezident yil oxirigacha Yoshlar shaharchasida 42 gektar maydonda IT-park, yuqori texnologiyali sanoat va ta’lim obyektlarini birlashtirgan innovatsion klaster qurish ishlarini boshlash vazifasini qo‘ydi.

Source: uznews.uz