Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkentda bo‘lib o‘tgan Silk Road Finance & Technology Forum doirasida “SI tezligi darajasidagi ishonch: to‘lov tizimlari xavfsizligini ta’minlash va firibgarlikdan himoyalanish” mavzusidagi panel sessiyasida ekspertlar Markaziy Osiyo mamlakatlari kiberxavfsizlik sohasida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi, doimiy ma’lumot almashishi va fuqarolarning moliyaviy savodxonligini oshirishi zarurligini ta’kidlashdi. Ular, shuningdek, himoya mexanizmlarini ishlab chiqishda eskirgan yondashuvlardan voz kechib, bugungi kun voqeligidan kelib chiqib ish ko‘rish kerakligini qayd etishdi.

KPMG Uzbekistan kiberxavfsizlik bo‘yicha rahbari Artyom Saidovning ta’kidlashicha, Markaziy Osiyo raqamli transformatsiya avj pallasida. Bu jarayon pul mablag‘larining mamlakat ichida va transchegaraviy harakatlanish tezligini oshirib, kiberjinoyatchilik va firibgarlikdan himoyalanish usullarini tubdan o‘zgartirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, sun’iy intellekt ham firibgarlar, ham moliya institutlarining imkoniyatlarini birdek oshirmoqda. Firibgarlar avtomatlashtirilgan razvedka va murakkab ijtimoiy muhandislikdan foydalansa, moliya institutlari skoring, xulq-atvor tahlili, risklarni bashorat qiluvchi modellashtirish va avtomatlashtirilgan javob choralariga tayanadi. Endi ishonch statik muvofiqlikka emas, balki faol va dinamik barqarorlikka asoslanadi.

O‘zbekiston Markaziy banki departament boshlig‘i Mirzabek Bobojonovning ma’lumot berishicha, so‘nggi yillarda mamlakatda raqamli to‘lovlardan foydalanish hajmi jadal o‘sib bormoqda. Xususan, 2021-yilda bu ko‘rsatkich 39 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yilga kelib 72 foizga yetdi. Bu o‘sish yosh aholi va yangi texnologiyalarga tayyorlik bilan izohlanadi. Biroq, raqamli to‘lovlar o‘sishi bilan xavfsizlik masalasi yanada dolzarb bo‘lib bormoqda. Bobojonovning qayd etishicha, MB nazoratda muvofiqlikka asoslangan yondashuvdan risklarni boshqarishga asoslangan yondashuvga o‘tmoqda. Bu borada bank sektori uchun kiberxavfsizlik strategiyasi va tijorat banklari hamda to‘lov tashkilotlarining yetuklik darajasiga asoslangan risklarni baholash metodologiyasi ishlab chiqilgan. Yangi tizim kelgusi yildan joriy etilib, unda yetuklikning to‘rt darajasi bo‘ladi va tizimli ahamiyatga ega banklar eng qat’iy talablarga bo‘ysunadi.

Bobojonovning so‘zlariga ko‘ra, joriy yil boshidan buyon tijorat banklari va to‘lov tashkilotlari tomonidan 18 millionga yaqin shubhali tranzaksiya to‘xtatib qolingan. Bu moliya tashkilotlariga sun’iy intellektga asoslangan firibgarlikka qarshi kurashish tizimiga ega bo‘lish talabi qo‘yilgani bilan bog‘liq. Shunga qaramay, fuqarolarning moliyaviy savodxonligi pastligi sabab 100 foizlik himoyani ta’minlash qiyin. Shu sababli har bir kishi ehtiyotkor bo‘lishi kerak, chunki tahdidlar va firibgarlar usullari kundan-kunga o‘zgarib bormoqda.

Visa kompaniyasining Konsalting va tahlil bo‘yicha katta direktori Nikolay Bernshteyn firibgarliklarning oldini olishda risklarni to‘g‘ri boshqarish va inson omili markaziy o‘rin egallashini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kiberhujumlar zanjiridagi eng zaif bo‘g‘in — inson. Firibgarlar odamlar ishonchidan foydalanadi. Raqamli to‘lovlar hajmi oshgani sari kiberxavflar maydoni va risklar ham ortib boradi. Bernshteynning qayd etishicha, asosiy muammo to‘lov tizimlari yoki ekotizimning o‘ziga bog‘liq emas, balki eng zaif bo‘g‘in — insonga bog‘liq. Shuning uchun mijozlarning moliyaviy savodxonligi va xabardorligini oshirishga jiddiy e’tibor qaratish zarur.

“Ipak Yo‘li Bank” Bosh ijrochi direktori Umid Hakimov Ichki ishlar vazirligi rasmiy statistikasiga tayanib ma’lum qilishicha, so‘nggi besh yil ichida kiberjinoyatlar soni 4800 tadan 62 000 dan ziyodgacha o‘sgan. Bu davrda jismoniy shaxslar va kompaniyalarning tan olingan umumiy yo‘qotishlari 3,8 trln so‘mdan oshib ketgan. Umid Hakimov buni “juda katta raqam” deb atab, ushbu summaning taxminan yarmi 2025-yilga to‘g‘ri kelganini aytdi. U ikki jihatga e’tibor qaratdi: birinchidan, moliyaviy savodxonlikni oshirish zarur, chunki raqamli to‘lovlardan foydalanish darajasi 39 foizdan 72 foizga oshgani yangi foydalanuvchilar ko‘pligini va ular xavfsizlik bo‘yicha boshlang‘ich bilimlarga ega emasligini anglatadi. Ikkinchidan, kichik va o‘rta biznes kibertahdidlar oldida zaif, chunki ularda IT yoki kiberxavfsizlik mutaxassislari bo‘lmaydi, bu esa mas’uliyatni tijorat banklari zimmasiga yuklaydi.

Markaziy Osiyo davlatlari uchun qimmatga tushishi mumkin bo‘lgan xatolarga to‘xtalar ekan, Nikolay Bernshteyn kiberhujumlarning yangi usullarini yaratish uchun firibgarlarga daqiqalar yetishini, ularga qarshi himoya mexanizmlarini yaratish esa eskirgan yondashuvlar va byurokratik jarayonlar sabab vaqt olishini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ijtimoiy muhandislik juda osonlashgan: fishing xatlarini yaratish, zararli dasturlarni tayyorlash va dipfeyklarni nusxalash bir necha daqiqa oladi. Himoya tomoni esa bugungi kun voqeligiga qarab emas, eskirgan yondashuv asosida ish ko‘rmoqda. Bernshteyn sun’iy intellekt firibgarlikni bartaraf etishda muhim rol o‘ynashini, ammo u hamma dardga davo emasligini, sarmoya, o‘rganish va moslashtirish talab qilishini ta’kidladi.

“Asaka Bank” Axborot xavfsizligi departamenti direktori Zohir Mirzayev kiberhujumlarga tezkorlik bilan javob qaytarish muhimligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ilgari hujumni aniqlash uchun 6 soatdan 12 soatgacha vaqt ketgan bo‘lsa, hozir bu muddat keskin qisqargan. Agar hujum bir yarim soat yoki yarim soat ichida aniqlanmasa, tajovuzkor tizimni buzib kirishi mumkin. Mirzayev sun’iy intellekt axborot xavfsizligida katta yordamchi bo‘lib, resurs va vaqt to‘siqlarini kamaytirish, zaifliklarni topish va bartaraf etishda muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi.

Muhokamalar yakunida Markaziy Osiyo moliya sektori kelgusi bir yilda to‘lovlarga ishonchni saqlab qolish uchun qaysi yo‘nalishni rivojlantirishi kerakligi — qobiliyat, texnologiya, boshqaruv yoki hamkorlik — savoli qo‘yildi. Mutaxassislar bir ovozdan hamkorlik ustuvor ekanini ta’kidlashdi. Mirzabek Bobojonovning so‘zlariga ko‘ra, firibgarlik va kiberjinoyat holatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni real vaqt rejimida ulashish moliyaviy tashkilotlarga katta yordam beradi. Hech bir bank, tartibga soluvchi organ yoki provayder yolg‘iz o‘zi hujumlarga qarshi tura olmaydi. Nikolay Bernshteyn ham tajriba almashish shart ekanini, firibgarlar o‘z ekotizimlarida tajriba almashishini, kiberxavfsizlikda ham shunday qilish kerakligini ta’kidladi. U Skandinaviya mamlakatlari misolida bir bankka hujum bo‘lsa, bir necha soat yoki kun ichida boshqa bankka ham hujum qilinishini, ma’lumot almashish jamiyat uchun muhimligini, hatto yopiq kelishuvlar asosida bo‘lsa ham, buni yo‘lga qo‘yish zarurligini aytdi. Zohir Mirzayev ma’lumot va tajriba almashish allaqachon boshlanganini, kelgusida avtomatik tarzda yo‘lga qo‘yilishiga ishonch bildirdi. Shuningdek, banklar shaffofligi va foydalanuvchilar o‘rtasida kibergigiyena muhimligini, buni maktablardan boshlash kerakligini qayd etdi.

Source: www.gazeta.uz