O'zbekiston ommaviy axborot vositalarida haydovchilar tez yordam mashinalarini o'tkazib yubormagani haqida muntazam xabarlar paydo bo'lmoqda. Odatda bu holatlar bir xil ssenariy bo'yicha rivojlanadi: YHXX haydovchini aniqlaydi, u bilan "profilaktik suhbat" o'tkazadi, javobgarlikka tortadi va haydovchi bunday holat boshqa takrorlanmasligiga va'da beradi. Biroq, muammoni faqat jarimalar bilan hal qilib bo'lmaydi. Yo'l harakati qoidalarida operativ va maxsus xizmatlar transport vositalari yaqinlashayotganda harakatlanishning aniq algoritmi paydo bo'lmaguncha, bu holat takrorlanaveradi.
Bugungi kunda O'zbekiston Yo'l harakati qoidalari (YHQ) amalda faqat yakuniy talabni belgilaydi: haydovchilar maxsus ovozli signal va yaltirovchi mayoqchasi yoqilgan operativ hamda maxsus xizmatlar transportiga "yo'l berishlari" shart. Qoidalarda esa turli yo'l vaziyatlarida buni aynan qanday amalga oshirish kerakligi tushuntirilmagan. Oqibatda tig'iz oqimda haydovchilar mustaqil ravishda qaror qabul qiladi: biri o'ngga, boshqasi chapga o'tishga harakat qiladi, uchinchisi esa joyida to'xtab, oldindagi avtomobil harakatlanishni boshlashini kutadi. Har bir haydovchi astoydil yo'l berishga harakat qilgan taqdirda ham, maxsus transportning o'tishi uchun yagona va tartibli yo'lak shakllanmay qolishi mumkin.
"O'zbekistonda bunday vaziyatda haydovchilarning jamoaviy harakatlari bo'yicha aniq va tushunarli algoritm yo'q. Qator mamlakatlarda bu masala ancha batafsil tartibga solingan. Masalan, ikki tasmali harakatda avtomobillar qatnov qismining qarama-qarshi chekkalariga surilib, tasmalar orasida bo'sh yo'lak hosil qiladi", — deydi barqaror mobillik va infratuzilma siyosati bo'yicha ekspert Bobur Sirojov. "Uch va undan ortiq tasma bo'lganda ham prinsip bir xil: eng chap tasmadagi avtomobillar imkon qadar chapga, qolgan tasmalardagi avtomobillar esa o'ngga suriladi. Shu tariqa, yo'lak eng chap tasma va unga tutash tasma orasida hosil bo'ladi. Haydovchi qaysi tomonga o'tishni mustaqil hal qilishi shart emas, bu qoidalarda oldindan belgilab qo'yiladi", — deya ta'kidladi u.
Bunday qoidalar turli mamlakatlarda turlicha qo'llanadi. Masalan, Germaniyada Rettungsgasse (qutqaruv yo'lagi) deb atalishni majburiy shakllantirish, avvalambor, avtobanlarda va ko'p tasmali shahar tashqarisidagi yo'llarda piyodalar tezligida harakatlanganda yoki oqim to'xtab qolganda ko'zda tutilgan. Polshada bu qoida kengroq bayon etilgan va bir yo'nalishli ikki va undan ortiq tasmasi bo'lgan qatnov qismida, jumladan, shahar ko'chalaridagi tig'iz harakatda qo'llanadi. Buyuk Britaniyada, O'zbekistondan farqli o'laroq, haydovchilarning svetoforning qizil chirog'ida to'xtash chizig'ini bosib o'tishi taqiqlanadi — maxsus transport oldindan shakllantirilgan yo'lak hisobiga avtomobillarni bo'sh (jumladan, qarama-qarshi) tasmalar bo'ylab aylanib o'tadi.
Bu yerda eng muhim jihat shundaki, yo'lak haydovchi ko'zguda tez yordam mashinasini ko'rgandan yoki sirenani eshitgandan keyin emas, balki hatto tig'iz tirbandlikda ham oldindan shakllanishi kerak. Shu bilan birga, yo'lak shoshilinch xizmatlar avtomobillari uchun (ular bir nechta bo'lishi mumkin) bo'sh qolishi va undan oddiy transportning foydalanishi bu vaqtda taqiqlanishi lozim. Bu yo'lni bo'shatish uchun zarur bo'lgan vaqtni sezilarli darajada qisqartiradi: tez yordam, o't o'chirish mashinasi yoki boshqa maxsus transport paydo bo'lganda, haydovchilar bir vaqtning o'zida tartibsiz ravishda yo'lak ochishga harakat qilishlari talab etilmaydi.
Xuddi shunday aniq harakatlar tartibini O'zbekiston YHQda ham mustahkamlash lozim. Bunda qoidalar turli vaziyatlarni: ikki, uch va undan ortiq harakat tasmalari, chorrahalar, tirbandliklar, jamoat transporti uchun ajratilgan tasmalar hamda harakat bordyurlar yoki jismoniy ajratgichlar bilan cheklangan hududlarni hisobga olishi kerak. YHQga o'zgartirish kiritilgach, keng ko'lamli axborot kampaniyasi: qisqa videoroliklar, sxemalar, avtomaktablardagi, elektron tablolardagi va ijtimoiy tarmoqlardagi materiallar zarur. Qoida shu qadar oddiy bo'lishi kerakki, haydovchi uni bir necha soniya ichida yodga ola bilsin.
Biroq majburiyatlar faqat oddiy haydovchilarga emas, balki hamma uchun tushunarli bo'lishi lozim. Tez yordam, yong'in xavfsizligi xizmati, YHXX va boshqa operativ xizmatlar avtomobillari haydovchilari tomonidan maxsus chiroq va ovozli signallardan foydalanish tartibini ham standartlashtirish zarur. Amaliyotda maxsus transport haydovchilari ovozli signalni bevosita chorraha oldida yoqadigan holatlar uchrab turadi. Chorrahadan o'tib olgach, ular signalni o'chiradi va keyingi to'siq oldida yana yoqadi. Tig'iz oqimda bu boshqa haydovchilarga maxsus avtomobil harakatlanayotgan yo'nalishni aniqlash va unga uyushqoqlik bilan yo'l bo'shatish uchun juda kam vaqt qoldiradi.
Amaldagi YHQga ko'ra, operativ va maxsus xizmatlar transport vositalari boshqa harakat qatnashchilari oldida imtiyozga ega bo'lishi uchun ularda ko'k yoki ko'k va qizil rangli yaltirovchi mayoqchalar hamda maxsus ovozli signal bir vaqtda yoqilgan bo'lishi shart. Aksariyat hollarda maxsus transport haydovchilari boshqa usullardan ham foydalanadi: chorrahada to'xtab turgan avtomobillarning ortidan kelib, qisqa muddatli ovozli signal berishi yoki ovozkuchaytirgich orqali ko'rsatmalar uzatishi mumkin. Shu sababli, maxsus ovozli signallar va karnaylarni qo'llash tartibini alohida tartibga solish maqsadga muvofiq: ular qaysi holatlarda ishlatiladi, maxsus transport haydovchisi asosiy signalni qachon yoqishi kerak va transport oqimini qancha vaqt oldin ogohlantirishi lozimligi aniq belgilanishi zarur.
"Tizim har ikkala tomon uchun ham oldindan tushunarli bo'lishi kerak. Oddiy haydovchi o'zidan qanday harakat talab qilinayotganini aniq bilishi, maxsus transport haydovchisi esa o'z yaqinlashuvini qanday va qancha vaqt oldin bildirishni tushunishi lozim. Faqat shundagina o'nlab alohida avtomobillar yagona oqim kabi harakat qila oladi", — dedi Bobur Sirojov. Ba'zi tez yordam haydovchilari allaqachon bunday prinsip bo'yicha harakatni mustaqil tashkil etishga harakat qilmoqda. Masalan, Toshkentdagi tez yordam mashinasi aks etgan ushbu videodagidek karnay orqali avtomobillarga chapga va o'ngga surilishni taklif qilmoqda. Biroq YHQda mustahkamlangan algoritm bo'lmagani sababli, bunday ko'rsatmalar haydovchilarning bir qismi uchun tushunarsiz bo'lishi tabiiy.
Shu sababli, bir vaqtning o'zida ham oddiy haydovchilar uchun harakatlanish qoidalarini, ham maxsus transport haydovchilarining ish tartibini ishlab chiqish zarur. Aniq va bir ma'noli algoritm paydo bo'lganidan keyingina shoshilinch xizmatlar avtomobillari harakatiga qasddan xalaqit berganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishni muhokama qilish maqsadga muvofiq bo'ladi.
Source: www.gazeta.uz