Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkentdagi Olimpiya va Paralimpiya shon-shuhrati muzeyida 12-sentabr kuni O'zbekiston sport delegatsiyasini Yaponiyada bo'lib o'tadigan XX yozgi Osiyo hamda V yozgi Paraosiyo o'yinlariga kuzatish marosimi bo'lib o'tdi. Tantanali tadbirda bosh vazir Abdulla Aripov, sport vaziri Adham Ikramov, Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori birinchi o'rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva, Milliy olimpiya qo'mitasi birinchi o'rinbosari Otabek Umarov, Milliy paralimpiya qo'mitasi raisi Muxtorxon Toshxo'jayev va boshqa rasmiylar ishtirok etdi.

Sentabr-oktabr oylarida Yaponiyaning Aichi va Nagoya shaharlarida bo'lib o'tadigan Aichi-Nagoya 2026 yozgi Osiyo va Paraosiyo o'yinlarida O'zbekistondan jami 549 nafar sportchi ishtirok etadi. Marosim davomida bosh vazir Abdulla Aripov O'zbekiston delegatsiyasi bayroqdorlari — Parij-2024 Olimpiya o'yinlari sovrindori, og'ir atletika bo'yicha uch karra jahon chempioni Akbar Jo'rayev hamda paravelosport bo'yicha 2026-yilgi jahon chempionati mutlaq g'olibi Marjona Pardoboyevaga davlat bayrog'ini topshirdi.

Bosh vazir Abdulla Aripov o'z nutqida bu galgi musobaqalarga har qachongidan ham jiddiy tayyorgarlik ko'rilganini ta'kidladi. U Parij-2024 Olimpiya va Paralimpiya o'yinlaridagi tarixiy natijalar O'zbekiston sportining salohiyatini butun dunyoga namoyon qilganini qayd etdi. "Sizlarning ortingizda jonajon xalqimiz, Vatanimiz va shaxsan hurmatli prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev turibdi. Shuning uchun Yangi O'zbekiston farzandlarining nimalarga qodir ekanini yana bir bor butun dunyoga namoyish qilasizlar, degan umiddamiz", — dedi hukumat rahbari.

U 2023-yilda Xitoyning Xanchjou shahrida bo'lib o'tgan Osiyo o'yinlarida O'zbekiston sportchilari 22 ta oltin, 18 ta kumush va 31 ta bronza medal jamg'arib, umumjamoa hisobida beshinchi o'rinni egallaganini eslatdi. Abdulla Aripov bu natijani yanada yaxshilash va yangi marralarni zabt etish vaqti kelganini ta'kidladi. U sportchilar qo'lga kiritgan har bir medal Vatan sharafi, har bir g'alaba esa xalq uchun katta quvonch bo'lishini aytdi. Bosh vazir sportchilar va murabbiylarga Yaponiyada o'z iqtidor va salohiyatini to'liq namoyon etish uchun barcha zarur sharoitlar yaratilishini bildirdi. "Ishonamizki, sizlar O'zbekiston bayrog'ini har qachongidan ham yuksaklarga ko'tarib, yurtimizga olamshumul g'alabalar bilan qaytasizlar", — dedi Aripov.

XX yozgi Osiyo o'yinlari 19-sentabrdan 4-oktabrga qadar Yaponiyaning Aichi va Nagoya shaharlarida o'tkaziladi. Unda O'zbekiston delegatsiyasi 42 ta sport turi bo'yicha ishtirok etadi. Shundan 36 tasi olimpiya, 6 tasi noolimpiya sport turlaridir. Musobaqalarda mamlakat sharafini 396 nafar sportchi himoya qiladi. Ularning 224 nafari erkak, 172 nafari ayollardir. O'zbekiston delegatsiyasi Osiyo o'yinlarida sohil voleyboli, voleybol, yelkanli sport, skvosh va MMA bo'yicha ilk bor ishtirok etadi. Musobaqalar davomida bir qator sport turlarida Los-Anjeles-2028 yozgi Olimpiya o'yinlariga yo'llanmalar ham o'ynaladi. Jumladan, kamondan otish, chim ustida xokkey, tennis, serfing, triatlon va skvosh bo'yicha Olimpiada litsenziyalari uchun bahslar o'tkaziladi.

V yozgi Paraosiyo o'yinlari 18−24-oktabr kunlari bo'lib o'tadi. O'zbekiston delegatsiyasi musobaqalarda 11 ta sport turi bo'yicha 153 nafar sportchi bilan qatnashadi. Ularning 79 nafari ayollar, 74 nafari erkaklardir. O'zbekiston parasportchilari Paraosiyo o'yinlari tarixida ilk bor para qilichbozlik, bokscha va parakamondan otish sport turlarida ishtirok etadi. Shuningdek, parao'q otish bo'yicha Los-Anjeles-2028 Paralimpiadasiga to'g'ridan-to'g'ri yo'llanmalar o'ynaladi. Shu tariqa, Osiyo va Paraosiyo o'yinlarida O'zbekistondan jami 549 nafar sportchi qatnashadi.

Source: www.gazeta.uz