Seuldagi muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev va Koreya Respublikasi prezidenti Li Chje Myon huzurida ikki tomonlama hujjatlarni almashish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi. Imzolangan hujjatlar to‘plami savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va gumanitar sheriklikni kengaytirishga qaratilgan shartnoma va kelishuvlarni o‘z ichiga oladi.
Janubiy Koreyaning Yonhap agentligining aniqlik kiritishicha, jami 13 ta idoralararo bitim va memorandum imzolangan. Ular orasida transport, aviatsiya, qishloq xo‘jaligi, turizm, sun’iy intellekt, texnik ko‘mak, oliy, maktab va maktabgacha ta’lim, tibbiyot mahsulotlarini tartibga solish, ekologiya, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, intellektual mulkni himoya qilish, arxiv ishi va boshqa sohalardagi hamkorlikka oid hujjatlar o‘rin olgan.
Xususan, Koreya Eksport-import banki hamda O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi strategik loyihalarni qidirish mexanizmini yaratish bo‘yicha memorandumni imzoladi. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur hujjat O‘zbekistonning oltita strategik tarmog‘ida istiqbolli, o‘zaro manfaatli loyihalarni aniqlash hamda ularni loyihaviy va tijoriy moliyalashtirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishni nazarda tutadi. Ushbu yo‘nalishlar sirasiga o‘ta muhim minerallar, data markazlar, aqlli shaharlar, koreys kompaniyalari uchun maxsus sanoat zonasi, farmatsevtika va biotexnologiyalar, shuningdek, oziq-ovqat, go‘zallik va mediakontent sanoati kiradi.
Bundan avvalroq Koreya Respublikasi prezidenti matbuot xizmati muhim minerallar yo‘nalishida ikki davlat Koreya-O‘zbekiston noyob metallar markazi negizida geologiya-qidiruv va qazib olishdan tortib qayta ishlashgacha bo‘lgan barcha ta’minot zanjiri bo‘ylab hamkorlikni kuchaytirish niyatida ekanini bildirgandi. Shuningdek, O‘zbekistonga sakkizta yuqori tezlikdagi poyezd yetkazib berish hamda milliy genomika markazi va Biome Center biobankini tashkil etish bo‘yicha memorandum imzolandi. Bu tashabbus transport va tibbiyot infratuzilmasi sohasidagi aloqalarni yanada kengaytirishi kutilmoqda. Kelgusida ushbu loyihalar ko‘lami kengaytirilishi mumkin bo‘lib, Yonhapning qayd etishicha, bu “koreys kompaniyalarining O‘zbekiston bozoriga kirishiga zamin yaratadi”.
Eslatib o‘tamiz, iyun oyida transport vaziri Ilhom Mahkamov Toshkent — Andijon va Toshkent — Termiz temiryo‘l liniyalarini modernizatsiya qilish hamda mazkur yo‘nalishlarda Hyundai Rotem rusumidagi 8 ta tezyurar elektropoyezdni qatnovini yo‘lga qo‘yish masalasi ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qilgandi. Biobank yaratish masalasiga to‘xtaladigan bo‘lsak, O‘zbekiston Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazi bunday rejalarni 2025-yilning oktabrida e’lon qilgandi. Jumladan, aholining genetik xaritasini va milliy biobankni yaratish ko‘zda tutilgan bo‘lib, bu shaxsiylashtirilgan tibbiyotni rivojlantirish, yangi dori-darmon va diagnostik testlarni ishlab chiqish, shuningdek, neonatal hamda prenatal skrining dasturlari aniqligini oshirish uchun zarurdir.
O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi yana bir memorandum chegarada intellektual mulkni himoya qilish sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, xususan, mashhur brendlarning kontrafakt mahsulotlari kirib kelishining oldini olishni ko‘zda tutadi. Tomonlar maktabgacha va umumiy ta’lim sohasida hamkorlik memorandumini ham imzoladi. Mazkur hujjat maktabgacha, boshlang‘ich va o‘rta ta’lim yo‘nalishlarida o‘zaro tajriba almashishni kengaytirishni nazarda tutadi. Xususan, koreys tilini O‘zbekiston hukumati tomonidan tashkil etiladigan rasmiy fan olimpiadalari ro‘yxatiga kiritish rejalashtirilmoqda. Bu esa mamlakatda koreys tili maqomini yanada oshirishi kutilmoqda.
O‘rmonlarni raqamli tiklash va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlik memorandumi Markaziy Osiyoning transchegaraviy ekologik muammolarini, shu jumladan, Orolbo‘yining cho‘llanishi va suv resurslari bo‘yicha bahslarni birgalikda hal etish hamda iqlim inqiroziga qarshi choralar ko‘rishni o‘z ichiga oladi. Bundan tashqari, o‘zaro safarlar va fuqarolar o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirish bo‘yicha turizm sohasida, Koreya agrotexnologiyalarini transfer qilishni nazarda tutuvchi qishloq xo‘jaligi sohasida, shuningdek, sanoatga sun’iy intellektni joriy etish va tibbiyot mahsulotlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha hamkorlik memorandumlari imzolandi. Mudofaa sanoati sohasidagi hamkorlikni kengaytirish to‘g‘risidagi hujjat hamda mahkumlarni topshirish bo‘yicha shartnomaga ham imzo chekildi.
Source: www.gazeta.uz