Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekistonda oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining mehnat bozoridagi natijalarini baholash bo‘yicha “Bitiruvchilar sifati indeksi” joriy etildi. Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi direktori Baxtiyor Yo‘ldoshev Toshkentda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilishicha, 2025-yil iyulidan 2026-yil iyuni yakunigacha bo‘lgan davrni qamrab olgan o‘rganishlarga ko‘ra, bitiruvchilarning o‘rtacha rasmiy oylik daromadi 4,9 mln so‘mni tashkil etgan.

Agentlik 2024/2025 o‘quv yilida 170 ta oliy ta’lim tashkilotini tamomlagan 249 432 nafar bitiruvchining mehnat bozoridagi natijalarini tahlil qildi. Bunda ularning ishga qancha vaqtda joylashgani, bandligining barqarorligi, rasmiy daromadi va bandlik shakli o‘rganildi. Natijalar “Bitiruvchilar sifati indeksi”da jamlanib, maxsus platforma yaratildi. Yo‘ldoshevning aytishicha, mazkur indeks prezidentning 2026-yil 10-apreldagi farmoniga muvofiq joriy etilgan. Uning asosiy maqsadi oliy ta’lim tashkilotlari faoliyatini bitiruvchilarning real natijalari orqali baholashdan iborat.

Tahlillarga ko‘ra, bitiruvchilarning ishga joylashishi uchun o‘rtacha 3 oyu 5 kun vaqt ketgan. OTMning mulkchilik shakli bo‘yicha bu ko‘rsatkich farq qiladi: nodavlat oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari o‘rtacha 2 oy 10 kunda, davlat OTM bitiruvchilari 2 oy 29 kunda, xorijiy universitetlar filiallari bitiruvchilari esa 3 oy 20 kunda ishga joylashgan. “Biroq diplom olganidan keyin ish topishning o‘zi bitiruvchining mehnat bozorida muvaffaqiyat qozonganini anglatmaydi. Shu sababli indeksda bandlikning barqarorligi ham alohida baholangan”, — deydi Yo‘ldoshev. Uning ta’kidlashicha, so‘nggi olti oy davomida barqaror ishlagan bitiruvchilar ulushi respublika bo‘yicha 42,9 foizni tashkil etgan. Xorijiy universitetlar filiallarida bu ko‘rsatkich 49,8 foiz, nodavlat OTMlarda 46,7 foiz, davlat OTMlarda esa 42,1 foiz bo‘lgan.

Tahlil qilingan bitiruvchilarning o‘rtacha rasmiy oylik daromadi 4,9 mln so‘mni tashkil etgan. Hududlar orasida eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahrida — 6,6 mln so‘m. Viloyatlar kesimida Navoiy va Toshkent viloyatlarida o‘rtacha rasmiy daromad 5 mln so‘mdan qayd etilgan. Ayrim OTMlarda esa bu ko‘rsatkich respublika o‘rtachasidan ancha yuqori. Masalan, amaliy fanlar toifasida Toshkentdagi Inha universiteti bitiruvchilari o‘rtacha 12,6 mln so‘m daromad olgan. Toshkent axborot texnologiyalari universitetida bu ko‘rsatkich 9,4 mln so‘m, Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetida 8,1 mln so‘mni tashkil qilgan. Ijtimoiy-gumanitar yo‘nalishda Toshkent xalqaro Vestminster universiteti bitiruvchilari o‘rtacha 12,5 mln so‘m daromad bilan birinchi o‘rinda. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida bu ko‘rsatkich 10,6 mln so‘m, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida 10,3 mln so‘m bo‘lgan.

Indeksda eng yuqori natijani O‘zbekiston davlat konservatoriyasi — 81,5 ball bilan qayd etgan. Ikkinchi o‘rinda konservatoriyaning Nukus filiali — 79,6 ball, uchinchi o‘rinda Toshkentdagi Vebster universiteti ta’lim dasturlarini amalga oshirish markazi — 76,3 ball bilan joylashgan. Shuningdek, Inha universiteti 74,2, Toshkent davlat tibbiyot universitetining Termiz filiali 74, Osiyo xalqaro universiteti 73,4, Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti 72,4 hamda Toshkent xalqaro Nordik universiteti 72,1 ball olgan. Respublika bo‘yicha “Bitiruvchilar sifati indeksi”ning o‘rtacha ko‘rsatkichi 53,4 ball ekani ma’lum qilindi. Hududlar kesimida eng yuqori natijalar Surxondaryo — 62,1 ball va Toshkent shahri — 60 ballda qayd etilgan. Buxoro — 59,1, Qashqadaryo — 58,6, Namangan — 58,4 ball olgan. Eng past o‘rtacha indeks Qoraqalpog‘iston Respublikasida — 49,5 ball.

Agentlik direktori o‘rinbosari Sardor Rahimboyevning ma’lum qilishicha, indeksda bitiruvchilarning migratsiyasi ham hisobga olingan. Ichki ishlar vazirligining chegaradan chiqish va kirish ma’lumotlari universitetlar bazasi bilan taqqoslangan. Uning aytishicha, 12 oy davomida xorijda uch oydan ortiq qolib, qaytib kelmagan 2542 nafar bitiruvchi aniqlangan. Bu 249 mingga yaqin bitiruvchining taxminan 1 foiziga teng. Ularning aniq qanchasi o‘qish, qanchasi ishlash uchun ketgani alohida ko‘rsatkich sifatida hozircha platformada chiqarilmagan. Biroq ular “yuqori koeffitsiyentli” bandlik toifasiga kiritilgan.

Matbuot anjumanida universitetlarning bitiruvchilarni ish bilan ta’minlashga majbur qilinishi masalasi ham ko‘tarildi. Yo‘ldoshevning qayd etishicha, universitet rahbari bitiruvchini shaxsan ishga joylashtirishga majbur bo‘lmasligi kerak. Biroq bitiruvchilarning mehnat bozoridagi natijasi OTM faoliyati samaradorligini baholaydigan ko‘rsatkichlardan biri bo‘lishi lozim. Uning fikricha, bu rektorlarni ta’lim dasturlarini mehnat bozori talablariga moslashtirish, ish beruvchilar bilan ko‘proq hamkorlik qilish va bitiruvchilar bilan ishlashga undaydi. Shu nuqtai nazardan u diplom berishdan oldin talabadan ish joyi yoki o‘zini o‘zi band qilganlik to‘g‘risida ma’lumot talab qilish amaliyotini ham tanqid qildi. “Diplom berish uchun ishga joylashgan-joylashmaganini so‘rash noto‘g‘ri. Lekin diplom berish uchun imtihondan o‘tkazish to‘g‘ri”, — dedi u.

Tadbirda nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarining sifati masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi. Agentlik rahbariyatining ta’kidlashicha, davlat, nodavlat yoki xorijiy OTMlarni umumiy tarzda “yaxshi” yoki “yomon” deb baholash to‘g‘ri emas. Har bir toifada yuqori va past natija ko‘rsatgan universitetlar bor. “2024/2025 o‘quv yilida tahlil qilingan bitiruvchilarning 211 587 nafari, ya’ni qariyb 85 foizi davlat OTMlari hissasiga to‘g‘ri kelgan. 12,7 foizi nodavlat ta’lim tashkilotlari, 6100 nafari esa xorijiy universitetlar filiallari bitiruvchilari bo‘lgan”, — deydi Sardor Rahimboyev. Unga ko‘ra, mulkchilik shakli bo‘yicha indeksning o‘rtacha ko‘rsatkichi xorijiy OTMlarda 58,7, nodavlat OTMlarda 55,1, davlat OTMlarda 53 ballni tashkil etgan. Biroq, Yo‘ldoshevning so‘zlariga ko‘ra, bu raqamlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri “davlat yoki nodavlat yaxshiroq” degan xulosaga aylantirish mumkin emas. Sababi shuki, davlat oliy ta’lim muassasalarida bitiruvchilar soni ancha ko‘p. Shu bilan birga, nodavlat OTMlarda ta’lim sifati bilan bog‘liq muammolar borligi ham inkor etilmadi.

Baxtiyor Yo‘ldoshevning aytishicha, 64 ta OTM institutsional akkreditatsiyaga jalb qilingan bo‘lib, ularning 9 tasida ta’lim sifati bilan bog‘liq kritik xavflar aniqlangan va muddatidan oldin akkreditatsiya jarayoniga jalb etilgan. Uning ta’kidlashicha, bu jarayondan maqsad universitetlarni faqat jazolash emas, balki ulardagi muammolarni aniqlab, ta’lim sifatini yaxshilashdan iborat. Agentlik rahbari indeksni ochiqlashtirish orqali to‘rtta asosiy maqsadni ko‘zlanayotganini bildirdi: “Bunday tizim OTMlar o‘rtasida raqobatni kuchaytiradi, ularni talabalar bilan manzilli ishlashga undaydi va natijada mehnat bozoriga tayyorroq kadrlar chiqishiga xizmat qiladi”.

Avvalroq oliy ta’lim vaziri Kongratbay Sharipov 2025/2026 o‘quv yili bitiruvchilarining 70 foizi ish bilan ta’minlangani, yil yakuniga qadar bu ko‘rsatkichni 100 foizga yetkazishni maqsad qilinganini aytgandi. Buning uchun Bandlik vazirligi, banklar va hokimliklar ishtirokida bitiruvchilarni ishga joylashtirish, qayta tayyorlash va o‘z biznesini boshlashiga ko‘maklashish bo‘yicha yangi tizim yo‘lga qo‘yilmoqda. Yo‘ldoshevning aytishicha, indeks har yili yangilanadi va asosiy savol keyingi yilda ko‘rsatkichlar qanday o‘zgarishi bilan bog‘liq bo‘ladi: “Keyingi yil xuddi shu paytda nechta universitet yuqoriladi, nechtasi pastladi, umumiy 53,4 indeks necha bo‘ldi — 60 bo‘ldimi, 50 bo‘ldimi, shuni muhokama qilamiz”.

Shuni ta’kidlash lozimki, taqdim etilgan raqamlar faqat rasmiy qayd etilgan daromadlarni aks ettiradi. Norasmiy sektorda ishlayotgan yoki o‘zini o‘zi band qilgan bitiruvchilarning haqiqiy daromadi hisobga olinmagan. Bu esa indeksning to‘liq manzarani ko‘rsatmasligi mumkinligini ko‘rsatadi. Bundan tashqari, bitiruvchilarning 42,9 foizigina so‘nggi olti oyda barqaror ishga ega bo‘lgani — har ikki bitiruvchidan biri ish joyini tez-tez o‘zgartirishi yoki ishsiz qolishini anglatadi. Bu esa oliy ta’lim tizimining mehnat bozori bilan to‘liq integratsiyalashmaganini ko‘rsatadi.

Source: www.gazeta.uz