O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11-sentabr kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda xavfsizlik hududlarning investitsiyaviy jozibadorligi va biznes ishonchiga bevosita ta’sir qilishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar hokimiyat tartibni ta’minlay olmasa, faqat iqtisodiy yo‘nalishdagi ishlarning o‘zi yetarli emas.
“Jinoyatchilikni jilovlamas ekanmiz, ishda baraka bo‘lmaydi, tadbirkorlar kelmaydi. Mana shuni bilinglar”, — dedi prezident. Mirziyoyev investorlar nafaqat mamlakatning iqtisodiy imkoniyatlarini, balki xavfsizlik darajasini ham baholashini ta’kidladi.
“Har bir tadbirkor va kompaniya oldin O‘zbekiston xaritasini biladi, ammo u yerda jinoyatchilikni jilovlashga erishilgan-erishilmaganini ham hisobga oladi. Shuning uchun sen, ichki ishlar vaziri [Aziz Tashpulatov], hammaga namuna ko‘rsatishing kerak. Buni hammang bilinglar. Sizlar kichkina ish qilmayapsizlar. Vaqtincha ish qilaman deb o‘ylamanglar”, — dedi u huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlariga murojaat qilib.
Prezident tinchlik va osoyishtalikni saqlash uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlar yanada jadal ishlashi kerakligini ta’kidladi. “Shukr deyishimiz kerak bu tinchlik uchun. Lekin xalqimiz tinch yashashi uchun biz ikki karra ko‘p ishlashimiz kerak. Odamlar tinch, bemalol o‘z uyida emin-erein hech narsadan va hech kimdan qo‘rqmasdan yashashi kerak”, — dedi u.
Mirziyoyev, shuningdek, ta’sirli yoki boy odamlarning jazosiz qolishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini alohida ta’kidladi. “Agar birorta g‘o‘ddaygan boyvachcha paydo bo‘lsa, birortangni kechirmayman. Mana shuni hamma bilishi kerak. Davlat bor bo‘lishi kerak. Ana shunda bizda birlik va hamjihatlik bo‘ladi, odamlar bizga ishonadi”, — dedi davlat rahbari.
Yig‘ilishda Bojxona qo‘mitasi raisi Akmalxo‘ja Mavlonov, favqulodda vaziyatlar vaziri Azizbek Ikramov, Milliy gvardiya qo‘mondoni Bahodir Tashmatov, Davlat xavfsizlik xizmati raisi Bahodir Qurbonov va ichki ishlar vaziri Aziz Tashpulatov ishtirok etdi. Dekabr oyi oxirida prezident O‘zbekistonda jinoiy tuzilmalarning o‘zini qonundan ustun qo‘yish va biznesga bosim o‘tkazishga urinish holatlari kuzatilayotganini aytgan edi. Bunga sportchilar ham jalb etilmoqda. U davlatda bunday guruhlar faoliyatiga chek qo‘yish uchun yetarli kuch borligini ta’kidlab, parlamentni qonunlarni kuchaytirishga chaqirgan edi.
Source: www.gazeta.uz