Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

2026-yilning yanvar−avgust oylarida O‘zbekistonga turistik maqsadlarda 9 102 729 nafar chet el fuqarosi tashrif buyurdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar qildi.

Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,6 million nafarga yoki 21,1 foizga ko‘p. O‘sish sur’ati pandemiyadan keyingi davrda eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri bo‘lib, mamlakatga bo‘lgan qiziqishning barqaror ortib borayotganini ko‘rsatadi.

O‘zbekistonga eng ko‘p sayyohlar Qirg‘izistondan kelgan — 2 524 378 nafar. Keyingi o‘rinlarda Qozog‘iston — 2 171 581 nafar va Tojikiston — 2 025 400 nafar qayd etilgan. Bu uch davlatdan kelgan sayyohlar umumiy oqimning qariyb 74 foizini tashkil etadi.

Shuningdek, hisobot davrida Rossiyadan 867 757 nafar, Afg‘onistondan 329 620 nafar, Xitoydan 318 465 nafar, Turkmanistondan 224 766 nafar sayyoh O‘zbekistonga tashrif buyurgan. Yuqori o‘nlikdan Turkiya 130 155 nafar, Hindiston 39 538 nafar va Germaniya 32 249 nafar turist bilan o‘rin olgan.

Eslatib o‘tamiz, 2026-yilning ilk 4 oyida O‘zbekistonga 4 million sayyoh tashrif buyurgani haqida yozgandik (manba — Turizm qo‘mitasi). Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 30 foizga ko‘p. Ularga 1,6 milliard dollar miqdorda xizmatlar ko‘rsatilgan.

2026-yilning birinchi yarmida esa O‘zbekistonga 6,5 milliondan ortiq xorijlik sayyoh tashrif buyurdi. Statistika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 2025-yilning mos davriga nisbatan qariyb 25 foizga yuqori. Sayyohlarning salkam 5 millioni Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Tojikiston hissasiga to‘g‘ri keldi.

Avgust oyida prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida O‘zbekistonda turoperatorlarning xorijlik turistlarga ko‘rsatgan xizmati eksportga tenglashtirilib, QQSdan ozod etilishi ma’lum qilingan edi. Turistik transportlar olib kelishdagi bojxona imtiyozi yana bir yilga uzaytiriladi va ular uchun utilizatsiya yig‘imi undirilmaydi. Mehmonxonalar qurishga 50 million dollar resurs ajratiladi.

Source: www.gazeta.uz