15-sentabr kuni ertalab Buxoro viloyati Qorovulbozor tumanidagi neft mahsulotlarini saqlash omborida yong‘in yuz berdi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi (FVV) ma’lumotiga ko‘ra, hodisa oqibatida uch kishi tan jarohati oldi.
FVV xabariga ko‘ra, soat 10:30 da "112" tizimi orqali Cho‘lquvar mahallasida joylashgan neft omboridagi sig‘imlardan (rezervuar) birida yong‘in chiqgani haqida xabar kelib tushgan. Voqea joyiga 14 ta yong‘in-qutqaruv bo‘linmasi jalb etilgan.
Ko‘rilgan choralar sababli yong‘in soat 11:18 da to‘liq o‘chirilgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida 1 dona yoqilg‘i rezervuari yonib zararlangan.
Yong‘in oqibatida 3 nafar fuqaro turli darajadagi kuyish jarohatlarini olgan va Qorako‘l tumani tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan. Hozirda yong‘in kelib chiqish sabablari va keltirilgan moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.
Voqea joyiga viloyat FVB, IIB, SSB rahbariyati hamda hamkor xizmatlar xodimlari yetib borgan.
Source: www.gazeta.uz