Buxoro viloyati IIB Xalq xavfsizligi departamentining Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari tomonidan Buxoro shahridagi 42-son umumta’lim maktabida “Diqqat, bolalar!” shiori ostida o‘quv mashg‘uloti tashkil etildi. Tadbir “Xavfsiz hudud — dolzarb 30 kun” profilaktik oyligi doirasida o‘tkazildi.
Mashg‘ulot davomida o‘quvchilarga yo‘lning harakat qismida o‘zini qanday xavfsiz tutish qoidalari o‘rgatildi. Bolalar ko‘chaga olib chiqilib, yo‘lni kesib o‘tishda qo‘llarini ko‘tarishga o‘rgatildi — bu haydovchilarga ularni yaxshiroq ko‘rish imkonini beradi. Shuningdek, yo‘l chetida to‘xtash, avtomobillar to‘liq to‘xtaganiga ishonch hosil qilish va shundan keyingina yo‘lni kesib o‘tish zarurligi tushuntirildi.
Ma’lumot uchun, 2023-yilda Xorazm viloyatida maktab o‘quvchilariga yo‘lni kesib o‘tishda haydovchilarga ta’zim qilib minnatdorchilik bildirish o‘rgatilgan edi. Bolalarga avval maxsus chizilgan chiziq oldida to‘xtash, avtomobillar to‘xtaganiga ishonch hosil qilish, so‘ngra yo‘lni kesib o‘tish tavsiya etilgan. Yo‘lni kesib o‘tgach, o‘quvchilarga haydovchilarga ta’zim qilib, qo‘l silkitib minnatdorchilik bildirish tavsiya qilingan. Viloyat YHXB boshqarmasi bunday harakatlar o‘zbek milliy an’analaridan kelib chiqqanini ma’lum qilgan edi.
Ushbu tadbirlar bolalarning yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, ularning haydovchilar bilan o‘zaro xavfsiz muloqotini shakllantirishga qaratilgan. Mutasaddilar bunday amaliy mashg‘ulotlar maktab o‘quvchilari orasida yo‘l-transport hodisalari profilaktikasida muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlamoqda.
Source: uznews.uz