O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan e’lon qilingan prezident qarori loyihasiga ko‘ra, 2028-yildan boshlab pensiya yoshi har yili uch oyga oshirilib, 2039-yilda erkaklar uchun 63 yosh, ayollar uchun 58 yosh etib belgilanadi. Hozirda bu ko‘rsatkichlar mos ravishda 60 va 55 yoshni tashkil etadi. Loyiha jamoatchilik muhokamasi uchun taqdim etilgan.
Hujjatga ko‘ra, 2027-yil 1-yanvardan pensiyani hisoblashda inobatga olinadigan oxirgi besh yillik ish haqi davri har yili bir yilga oshirilib, 20 yillik davrga yetkaziladi. Shuningdek, o‘rtacha ish haqini aniqlashda fuqaroning eng past daromadli davrining 10 foizi hisob-kitobdan chiqarib tashlanadi. Shu sanadan boshlab yoshga doir pensiya tayinlash uchun zarur bo‘lgan kamida 7 yillik ish staji ham har yili bir yilga oshirilib, 2034-yilda 15 yilga yetkaziladi. Eng kam ish stajiga ega bo‘lmagan fuqarolar umumiy pensiya yoshidan besh yil o‘tgach yoshga doir nafaqa olish huquqiga ega bo‘ladilar.
2028-yil 1-apreldan yuqori daromaddan ijtimoiy soliq to‘laydigan va pensiya yoshida mehnat faoliyatini davom ettirayotgan fuqarolarni rag‘batlantirish maqsadida birinchi marta pensiya tayinlashda ish haqining yuqori chegarasi oshiriladi: pensiya hisoblash bazaviy miqdorining 12 baravaridan 13 baravariga, pensiyaga 6 oy kech chiqilganda 14 baravarigacha, 12 oy kech chiqilganda esa 15 baravarigacha. Loyihada aholining umr ko‘rish darajasi o‘sib borayotgani va pensiya tizimida ishtirok etish bilan to‘lov davri o‘rtasida mutanosiblikni ta’minlash maqsadida pensiya yoshini o‘zgartirish taklif etilmoqda.
2027-yil 1-yanvardan umumiy belgilangan pensiya yoshini bir yilga qisqartirilgan holda pensiya tayinlash tartibini bekor qilish taklif qilinmoqda. Pensiya yoshi oshirilayotgan davrda pensiyaoldi yoshidagi fuqarolar uchun qator kafolatlar belgilanadi: pensiyaoldi yoshini vaj qilib ishdan bo‘shatish yoki ishga qabul qilishdan bosh tortishga yo‘l qo‘yilmaydi. Ishsiz deb e’tirof etilgan fuqarolarga pensiyaga 2 yil oldin muddatidan ilgariroq chiqish huquqi saqlanadi. Yerosti ishlarida, zararli va og‘ir mehnat sharoitida to‘liq ish kuni davomida band bo‘lgan erkaklarning 50−55 yoshda, ayollarning 45−50 yoshda imtiyozli pensiyaga chiqish huquqi ham saqlanadi. Pensiya oluvchilarga tatbiq etiladigan soliq, transport va sog‘liqni saqlash sohasidagi imtiyozlar saqlanishi belgilangan. Shuningdek, erkaklarga 60 yoshdan, ayollarga 55 yoshdan jamg‘arib boriladigan pensiya mablag‘larini olish huquqi berish taklif etilmoqda.
Iqtisodiyot va moliya vazirligiga 2026-yil 1-dekabrga qadar “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi va “Fuqarolarning jamg‘arib boriladigan pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunlar hamda Soliq kodeksiga mazkur loyihadan kelib chiqib tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritish vazifasi yuklanmoqda. 2027-yil 1-yanvardan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning kelgusidagi pensiya ta’minoti va davlat ijtimoiy sug‘urtasidan foydalanishini kafolatlash maqsadida ijtimoiy soliqni qat’iy belgilangan tartibda to‘lash tizimi joriy etiladi. Ularga ijtimoiy soliqni yil davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lash huquqi beriladi. O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar to‘lagan ijtimoiy soliqning 10 foizi Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasiga yo‘naltirilib, homiladorlik va tug‘ish hamda vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqalari davlat ijtimoiy sug‘urtasi hisobidan to‘lanadi.
55 yoshdan oshgan ayollar va 60 yoshdan oshgan erkaklarga o‘rtacha ish haqi saqlangan holda qisqartirilgan ish vaqti joriy etiladi. Kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam tayinlashda oila a’zosining maqomini belgilash uchun 55 yoshdan oshgan ayollar va 60 yoshdan oshgan erkaklardan rasmiy daromad talab etilmaydi. 2027-yil 1-yanvardan fuqaroning ish stajiga qo‘shib hisoblanadigan, biroq ijtimoiy soliq va Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badallari to‘lanmagan davrlar, shuningdek, pensiyalarni eng kam miqdorga yetkazish, ustama va qo‘shimcha to‘lovlarni moliyalashtirish bilan bog‘liq xarajatlar Davlat budjeti hisobidan qoplash tizimi joriy etiladi. Korxona va tashkilotlarga ijtimoiy soliq to‘lovi bo‘yicha yangi imtiyozlar berishga yo‘l qo‘yilmaydi, amaldagi imtiyozlar esa 2030-yil 1-yanvardan bekor qilinadi.
O‘tgan yilning iyul oyida Strategik islohotlar agentligi O‘zbekistonda norasmiy bandlik yuqoriligi sababli pensiya tizimi qamrovi atigi 38 foizni tashkil etishini ma’lum qilgan edi. Boshqa mamlakatlarga nisbatan badallar darajasi yuqori ekaniga qaramay (12−25%), to‘lovlar o‘rtacha darajada saqlanib qolmoqda. 2024-yil dekabr oyida pensiya islohoti bo‘yicha seminar o‘tkazildi va konseptual hujjatni tayyorlash boshlandi. Uni prezidentga 2025-yil sentabrgacha taqdim etish rejalashtirilgan (dastlab 2025-yil 1-martgacha edi). 2023-yil aprel oyida Jahon banki hisobotida pensiya yoshini oshirish taklif qilingan, Xalqaro valyuta jamg‘armasi ham islohotlar zarurligini ta’kidlagan.
Source: www.gazeta.uz