O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12-sentabr kuni aholini suyultirilgan gaz (LPG) bilan ta’minlash tizimini isloh qilish va bozor mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Hujjatga ko‘ra, islohotning asosiy maqsadlari – aholini suyultirilgan gaz bilan barqaror ta’minlash, resurslardan samarali foydalanish, xususiy sektor va investitsiyalarni jalb qilish, kross-subsidiyalashni qisqartirish hamda manzilli ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga o‘tishdan iborat.
“Hududgazta’minot” huzurida LPG-Trade kompaniyasi tashkil etiladi. U aholini suyultirilgan gaz bilan ta’minlash bo‘yicha ixtisoslashgan operatorga aylanadi va ushbu sohada moliyaviy shaffoflikni ta’minlashi kerak. Shu bilan birga, xalqaro konsalting kompaniyalarini jalb qilgan holda bozorni erkinlashtirish strategiyasini ishlab chiqish topshirildi. Mamlakatda bozor mexanizmlari bosqichma-bosqich joriy etiladi, aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berish ustuvorligi saqlanib qoladi.
Korxonalar tomonidan ishlab chiqariladigan va import qilinadigan gaz o‘z shoxobchalarida sotiladigan hajmlardan tashqari, faqat birja orqali realizatsiya qilinishi kerak. Aholiga gaz yetkazib beruvchilar uni birjadan va importdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xarid qilishi mumkin. Bunda LPG-Trade kompaniyasiga suyultirilgan gaz import qilish taqiqlanadi. Shuningdek, kross-subsidiyalashdan bosqichma-bosqich voz kechish va xususiy biznesni jalb qilgan holda raqobat muhitini shakllantirish nazarda tutilmoqda. Yangi mexanizmlarga o‘tishda ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarga moddiy yordam ko‘rsatilishi kerak.
Kross-subsidiyalash – iste’molchilarning bir guruhi uchun past narxni amalda boshqa guruh qoplashi. Masalan, aholiga gaz uning haqiqiy tannarxidan arzonroq sotiladi, yetmay qolgan daromad esa biznes yoki boshqa iste’molchilar uchun yuqoriroq narxlar hisobiga qoplanadi. Aholiga suyultirilgan gazni davlat tomonidan tartibga solinadigan chakana narxlarda yetkazib berish bilan bog‘liq narxlar tafovuti hamda iqtisodiy jihatdan asoslangan xarajatlar LPG-Trade’ga respublika budjeti mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.
2026-yil 1-noyabrdan suyultirilgan gazni xarid qilish va aholiga yetkazib berishning yangi tizimi joriy etiladi. “O‘zbekneftgaz” va Lukoil Overseas Supply and Trading Ltd kompaniyasi tomonidan ishlab chiqariladigan gaz to‘liq hajmda tovar-xomashyo birjalarining alohida savdo maydonchasiga chiqariladi. Import qiluvchilar o‘z mahsulotlarini ushbu maydonchada ixtiyoriy ravishda sotishi mumkin. LPG-Trade aholini ta’minlash uchun gazni ushbu maydonchadan xarid qiladi. Agar hajm yetarli bo‘lmasa, kompaniya ochiq birja savdolari orqali qo‘shimcha gaz xarid qilishi mumkin. Bunda ijtimoiy soha obyektlari uchun gaz LPG-Trade tomonidan bozor tamoyillari asosida shakllangan birja narxlarida yetkazib beriladi. Aholini ta’minlash to‘liq bozor mexanizmlariga o‘tkazilgandan so‘ng alohida birja maydonchasini yopish taklif etilmoqda.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Energetika vazirligi va Milliy investitsiya jamg‘armasiga uch oy muddatda xalqaro konsalting kompaniyalarini jalb qilgan holda LPG-Trade aktivlarini xususiylashtirish strategiyasini ishlab chiqish topshirildi. Hukumatga, shuningdek, kompaniyaning hududiy filiallarini tayyor loyihalar sifatida bosqichma-bosqich xususiylashtirishni boshlash topshirildi. Suyultirilgan gaz ta’minoti tizimini qayta tashkil etish uchun LPG-Trade respublika budjetidan 200 mlrd so‘m miqdorida ssuda oladi.
2026-yil 1-oktabrdan Andijon viloyatida tajriba boshlanadi. Unga ko‘ra, xususiy kompaniyalar suyultirilgan gazni to‘g‘ridan-to‘g‘ri import qilib, aholiga maishiy ballonlarda erkin narxlarda sotishi mumkin bo‘ladi. Tajriba-sinovi LPG-Trade tizimi bilan parallel ravishda ishlaydi. Loyihada kamida ikkita xususiy operator ishtirok etishi kerak. Ularda gazni tashish, qabul qilish, saqlash va tarqatish uchun o‘z yoki ijaraga olingan quvvatlar, zarur litsenziya va ruxsatnomalar, shuningdek, o‘qitilgan xodimlar bo‘lishi lozim. Kompaniyalar, shuningdek, iste’molchilar uchun operator tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlarni onlayn amalga oshirishni ta’minlovchi mobil ilovani ishga tushirishi kerak. Operatorlarga gaz ballonlarini saqlash va sotish shoxobchalarini tashkil etishga ruxsat beriladi. Andijon viloyati hokimligiga zarurat bo‘lganda buning uchun bo‘sh yer maydonlarini ajratish topshirildi. Bunda xususiy operatorlar va LPG-Trade infratuzilmasidan birgalikda foydalanish mumkin bo‘lmaydi. Soliq qo‘mitasi va Bojxona qo‘mitasi tajriba doirasida import qilinadigan va sotiladigan gazning alohida hisobini joriy etishi kerak. Kelgusida ushbu modelni Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda boshqa hududlarga ham bosqichma-bosqich tatbiq etish mumkin bo‘ladi.
Hukumatga bir hafta muddatda aholi uchun suyultirilgan gazning chakana narxi va uni yetkazib berish xizmati uchun eng yuqori narx belgilanadigan qarorni tasdiqlash topshirildi. Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasi ijtimoiy himoyaga muhtoj aholiga manzilli asosda ko‘rsatiladigan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash mexanizmi, Andijon viloyatida xususiy operatorlar faoliyati tartibi, aholi uchun mahalliy gazni tashishga yagona temiryo‘l tarifi, shuningdek, LPG-Trade uchun budjet subsidiyalarini hisoblash qoidalarini tasdiqlashi kerak.
7-sentabr kuni prezident huzuridagi yig‘ilishda ma’lum qilinganidek, bugungi kunda respublikada 3,8 millionga yaqin aholi hamda qariyb 2 mingta ijtimoiy soha obyekti suyultirilgan gaz bilan ta’minlanadi. Joriy yilda aholi va ijtimoiy soha obyektlari ehtiyoji uchun 604,8 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib berish ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, iste’molchilarning 22 foizi suyultirilgan gazni 46 kundan ortiq muddatda olmoqda. Natijada aholi qo‘shimcha ehtiyojini avtomobillarga gaz quyish shoxobchalaridan bozor narxlarida xarid qilishga majbur bo‘lmoqda. Bunday holatda ayrim oilalarning bir oylik xarajati amaldagi belgilangan narxdan bir necha barobar yuqori bo‘lmoqda.
Source: www.gazeta.uz