Toshkent shahridagi ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlarida zo'ravonlikka uchragan ayollar uchun huquqiy yordam kengaytirildi va hujjatlarni tiklashda davlat bojlaridan qisman ozod qilish joriy etildi. Bu haqda markaz direktori Muxabbat Zohidova ma'lum qildi.
Zohidovaning so'zlariga ko'ra, jabrlanuvchi ayol voyaga yetmagan bolalari bilan birga bir oydan olti oygacha markazda bo'lishi mumkin. Har bir ayol uchun individual dastur tuziladi: psixolog, yurist va ijtimoiy xodim u bilan ishlaydi. Ishi yoki kasbi bo'lmaganlarga ish topish va o'qishda yordam beriladi, bolalar maktab yoki bog'chaga joylashtiriladi.
"Ayol har doim ham o'zi murojaat qilishga tayyor emas. Bu yerda uchinchi shaxslarning ishtiroki juda muhim. Bu qo'shnilar, qarindoshlar bo'lishi mumkin. Kimdir murojaat qilishi kerak. Yillar davomida tahqirlash va zo'ravonlikka uchragan ayol shu muhitda yashaydi. Uni bu muhitdan olib chiqish kerak", - deydi u.
So'nggi bir yilda markazlarning imkoniyatlari ham kengaydi. Ularning xodimlari jabrlanuvchilarning manfaatlarini sudlarda himoya qilish huquqini oldi. Ishlayotgan ayol markazda bo'lgan vaqtida ish joyi saqlanib qolishi mumkin, unga vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqasi beriladi. Bundan tashqari, ayollar davlat bojlarini to'lash va hujjatlarni tiklashda bir qator imtiyozlarga ega bo'ldilar.
Avvalroq Toshkentda yunon-rum kurashi bo'yicha murabbiyga nisbatan uning rafiqasi tizimli oilaviy zo'ravonlik haqida ariza berganidan so'ng jinoiy ish qo'zg'atilgani xabar qilingan edi. Ayolga himoya orderi berilgan.
Source: podrobno.uz