Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

18-sentabr oqshomida poytaxt atmosfera havosida PM2,5 (diametri 2,5 mikrometrgacha bo‘lgan mayda zarrachalar) va, ayniqsa, PM10 (10 mikrometrgacha bo‘lgan zarrachalar) konsentratsiyasining qisqa muddatli keskin ortishi qayd etildi. Bu haqda poytaxtdagi ekologik holatni yaxshilash bo‘yicha maxsus komissiya axborotiga tayanib, O‘zbekiston Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi ma’lum qildi.

Avtomatik monitoring stansiyalarining ma’lumotlariga ko‘ra, zararli zarrachalar miqdori soat 18:00 dan keyin ko‘tarila boshlagan, 20:00 dan so‘ng esa o‘sish sezilarli darajada tezlashgan. Ifloslanishning eng yuqori cho‘qqisi 21:00 dan 23:00 gacha bo‘lgan oraliqda qayd etildi. Xususan, soat 22:00 da shahar bo‘yicha PM2,5 ning o‘rtacha ko‘rsatkichi 74,5 mkg/m3, PM10 esa 243,6 mkg/m3 ni tashkil etgan. Ayrim hududlarda PM10 konsentratsiyasi 555,3 mkg/m3 gacha yetgani kuzatildi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda PM10 bo‘yicha o‘rtacha sutkalik me’yor 75 mkg/m3 (yillik — 500 mkg/m3), PM2,5 bo‘yicha esa 60 mkg/m3 (yillik — 35 mkg/m3) etib belgilangan. PM10 ko‘rsatkichining PM2,5 ga nisbatan sezilarli darajada yuqori bo‘lishi ushbu davrda atmosfera havosida yirik chang zarralari ko‘payganidan dalolat beradi.

19-sentabrga o‘tar kechasi Milliy ekologik monitoring markazi va O‘zgidromet mutaxassislari Mirzo Ulug‘bek tumanining uchta manzilida ko‘chma uskunalar yordamida havo sifatini tekshirdi. O‘lchovlar davomida azot dioksidi, is gazi (uglerod oksidi), ammiak, vodorod ftoridi, fenol va formaldegid kabi gazsimon ifloslantiruvchi moddalar ham nazorat qilindi. Tahlil natijalari mazkur moddalarning maksimal bir martalik konsentratsiyasi belgilangan me’yorlardan oshmaganini ko‘rsatdi.

“Tahlillarga ko‘ra, mazkur holatga bir nechta omillar bir vaqtda ta’sir qilgan. Uzoq davom etgan quruq ob-havo sharoitida tuproq va yo‘l yuzalaridagi changning havoga ko‘tarilishi uchun qulay sharoit yuzaga kelgan. Kechki va tungi vaqtda kuzatilgan harorat inversiyasi va havo almashinuvining sustligi zarrachalarning atmosferaning yer yuzasiga yaqin qatlamida to‘planishiga sharoit yaratgan”, — deyiladi xabarda.

Shu bilan birga, CAMS (Yevropaning atmosferani modellashtirish tizimi) ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonning g‘arbiy va shimoli-g‘arbiy hududlarida PM10 miqdori yuqori bo‘lgan chang massalari kuzatilgan. HYSPLIT modeli asosidagi hisob-kitoblar turli balandliklarda Toshkentga havo oqimlari shimol, shimoli-sharq, g‘arb va shimoli-g‘arbdan kirib kelganini ko‘rsatdi.

Soat 23:00 dan keyin havodagi PM2,5 va PM10 konsentratsiyasi sekin-asta kamaya boshladi. 19-sentabr tonggi soat 04:00 ga kelib shahar bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichlar PM2,5 bo‘yicha 22,4 mkg/m3, PM10 bo‘yicha esa 61,9 mkg/m3 gacha tushdi.

“Xulosa qilib aytganda, 18-sentabr kechki va 19-sentabr tungi soatlarda Toshkent shahrida kuzatilgan holat qisqa muddatli chang epizodi xususiyatiga ega bo‘lgan. Quruq ob-havo, mahalliy changning ko‘tarilishi, harorat inversiyasi va sust havo almashinuvi uning shakllanishiga qulay sharoit yaratgan. 23:00 dan keyin avtomatik stansiyalarda konsentratsiyalarning pasayishi hamda 02:15—03:01 oralig‘idagi joyiga chiqib o‘tkazilgan o‘lchovlar chang epizodi asta-sekin susayib borganini ko‘rsatadi”, — deya qayd etdi qo‘mita.

Prognozlarga ko‘ra, 19-sentabr soat 21:00 dan 20-sentabr 04:00 ga qadar Toshkentda havo sifati yana vaqtincha yomonlashishi va havo sifati indeksi (AQI) 101−150 darajasiga — “aholining sezgir guruhlari uchun zararli” darajaga yetishi mumkin. Yakshanba tongida ifloslangan havo massasi janubi-g‘arbiy yo‘nalishga qarab siljishi, soat 08:00—09:00 ga borib esa havo sifati yana “o‘rtacha” darajaga qaytishi kutilmoqda.

Source: www.gazeta.uz