O'zbekistonda oliy ta'lim muassasalari bitiruvchilarining bandlik natijalari gender farqlari asosida tahlil qilindi. Bitiruvchilar sifati indeksi (BSI) ma'lumotlariga ko'ra, qizlar o'qishni tugatgandan so'ng tezroq ish topadi, ammo ularning o'rtacha ish haqi erkaklarnikiga qaraganda ancha past.
Tadqiqot natijalariga ko'ra, bitiruvchi qizlar o'rtasida bandlik darajasi 85,1 foizni tashkil etgan bo'lsa, o'g'il bolalarda bu ko'rsatkich 80,4 foizni tashkil qilgan. Shuningdek, qizlar o'rtacha ikki oy ichida ishga joylashsa, yigitlarga ish qidirish uchun taxminan uch oy vaqt kerak bo'ladi.
Biroq daromad darajasi bo'yicha vaziyat boshqacha. Erkak bitiruvchilarning o'rtacha ish haqi 6 million so'mni, qizlarniki esa 3,9 million so'mni tashkil etadi. Shunday qilib, erkaklar o'rtacha 2,1 million so'm yoki deyarli 54 foizga ko'proq maosh oladi.
Tadqiqot doirasida mehnat bozorida eng yuqori natijalarni ko'rsatgan beshta ta'lim yo'nalishi ham aniqlandi. Qizlar orasida beshlikka transport xizmatlari, matematika va statistika, ta'lim, biznes va boshqaruv hamda gumanitar fanlar kirdi. Yigitlar orasida esa eng yuqori ko'rsatkichlar biznes va boshqaruv, sog'liqni saqlash, san'at, matematika va statistika hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohalarida qayd etildi.
BSI natijalari shuni ko'rsatadiki, oliy ta'lim muassasalari bitiruvchi qizlari ko'proq va tezroq ish topadi, erkaklar esa o'rtacha ish haqi darajasi bo'yicha ustunlikka ega. Shu bilan birga, taqdim etilgan ma'lumotlar daromadlardagi farq sabablarini aniqlashga imkon bermaydi. Buning uchun kasblar, lavozimlar, bandlik shartlari va boshqa omillarni qo'shimcha tahlil qilish zarur.
Source: uznews.uz