Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Sirdaryo viloyati Guliston tumanida Yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari tomonidan “Damas” rusumli avtomobil to‘xtatildi. Mazkur transport vositasi bog‘cha tarbiyalanuvchilarini tashiyotgan bo‘lib, haydovchi belgilangan odam tashish qoidalarini qo‘pol ravishda buzgan.

Viloyat IIB matbuot xizmatining xabar berishicha, amaldagi Yo‘l harakati qoidalariga ko‘ra, transport vositasining texnik pasportida ko‘zda tutilganidan ortiq odam tashish qat’iyan taqiqlanadi. Aniqlangan holatda “Damas” avtomobili 16 nafar bog‘cha tarbiyalanuvchisini olib ketayotgani ma’lum bo‘ldi. Haydovchi bilan qoidabuzarlikning ehtimoliy oqibatlari yuzasidan profilaktik tushuntirish ishlari o‘tkazildi.

Holat yuzasidan haydovchiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128-8-moddasiga (Transport vositasida odam tashish qoidalarini buzish) asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Mazkur moddaga ko‘ra, transport vositasida odam tashish qoidalarini buzish bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

IIB bunday qoidabuzarliklar yo‘l-transport hodisalariga sabab bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirib, ota-onalarni farzandlarini tashishda transport vositasidagi yo‘lovchilar soni va xavfsizlik talablariga e’tiborli bo‘lishga chaqirdi. Biroq bolalar bog‘chalari tarbiyalanuvchilarini xavfsizlik qoidalarini buzgan holda 4−7 o‘rinli avtomobillarda tashish O‘zbekistonda ancha keng tarqalgan.

Joriy yilning may oyida Nurota tumanida 14 nafar bog‘cha bolasi bo‘lgan “Matiz” avtomobili halokatga uchrashi oqibatida fojia yuz bergan edi. Rulda haydovchilik guvohnomasi bo‘lmagan oilaviy bog‘cha rahbari bo‘lgan. Hodisa oqibatida ayol vafot etgan, bolalar esa turli tan jarohatlari bilan shifoxonaga yetkazilgan.

Shundan so‘ng YHXX 1−8-may kunlari bolalarni transportda me’yordan ortiq tashish bilan bog‘liq 125 ta holatni aniqlagan. Idora axborot xizmati rahbari Zoyir Yo‘ldoshevga ko‘ra, ayrim holatlarda “Damas”larda 25−28 nafargacha, “Spark” avtomobillarida esa 18 nafargacha bola tashilgan. Bundan tashqari, Andijon viloyati Xo‘jaobod tumanida 21 nafar bog‘cha bolasini “Tracker”da olib ketayotgan haydovchi YTH sodir etgan. Oqibatda 6 yoshli qiz halok bo‘lib, yana 7 nafar bola jarohat olgan. Sud haydovchiga nisbatan 3 yil muddatga ozodlikni cheklash va 2 yilga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilish jazosini tayinlagan.

Ta’kidlash joizki, bunday qoidabuzarlikning og‘ir oqibatlari haqida muntazam xabar va ogohlantirishlar berib kelinayotgani va nazorat tadbirlari o‘tkazilayotganiga qaramay, yo‘llarda bolalar hayotini xavfga qo‘yib, ularni sig‘imdan ortiq tashish holatlari tez-tez uchrab turadi. Bu esa ota-onalar, bog‘cha ma’muriyati va haydovchilarning mas’uliyatsizligi oqibatida yuzaga kelayotgani ayni haqiqatdir.

Source: www.gazeta.uz