Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan Butunjahon shaxmat Olimpiadasining oltinchi turida O‘zbekiston milliy jamoasi Hindiston ustidan 2,5:1,5 hisobida g‘alaba qozonib, yakka peshqadamlikni mustahkamladi. Bu bahsda hal qiluvchi ochko muallifi bo‘lgan Nodirbek Yoqubboyev va jamoa kapitani Rustam Qosimjonov o‘yin yakunida o‘z fikrlarini OAV vakillari bilan o‘rtoqlashdi.

Yoqubboyevning so‘zlariga ko‘ra, partiya u uchun debyutdayoq og‘ir kecha boshlangan. “O‘yin juda murakkab o‘tdi. Raqib debyutda men kutmagan yurishni qildi va shu paytdan boshlab bosim o‘tkazishga urindi. Taxminan 40-yurishga borib, unda katta ustunlik bor edi. Biroq u birgina harakati bilan hammasini yo‘qqa chiqardi. Men tuzoq qo‘ygan edim va u o‘sha tuzoqqa tushdi”, — dedi grossmeyster mahalliy jurnalistlarga. FIDEga bergan intervyusida esa u mag‘lubiyatga yaqin bo‘lganini tan oldi: “Partiyani bunchalik yomon o‘tkazayotganimdan hatto biroz xafa ham bo‘lib ketdim. Ammo keyin bu sodir bo‘ldi va men o‘yinni o‘z foydamga og‘dirib, g‘alabaga erishdim”.

Yoqubboyev raqibi Nihal Sarinning hal qiluvchi xatosiga qadar ham taktik rejani ko‘ra olganini aytdi. “Men g3 yurishini qilganimdayoq bu rejani ko‘zlab qo‘ygandim. U Nf5 yurishini tanlaydi deb kutmagandim, ammo u shunday qilgach, nihoyatda xursand bo‘lib ketdim”, — dedi u. Shuningdek, shaxmatchi avvalgi ikki Olimpiadada — Chennay va Budapeshtda — O‘zbekiston hamda Hindiston o‘rtasidagi bahslar durang bilan yakunlanganini eslatib o‘tdi. Shu sababli mazkur muvaffaqiyat jamoa uchun o‘zgacha ahamiyat kasb etgan. “G‘alaba qozonganimizdan, yakkapeshqadam bo‘lib olganimizdan va jamoamga g‘alaba keltira olganimdan juda baxtiyorman”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Grossmeyster oltinchi tur natijasini hal qiluvchi deb hisoblamaslikka chaqirdi. “Oldinda Xitoy, Germaniya, AQSh bor. Agar ular yutib, bizgacha yetib kelishsa, oson bo‘lmaydi. Shu bois xotirjamlikka berilishga haqqimiz yo‘q. Endi bir kun dam olish beriladi, so‘ngra keyingi o‘yinga puxta tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak”, — dedi u. U Nihal Sarinni o‘zi uchun noqulay raqib deb atadi. “Avvallari men unga onlayn turnirlarda va tezkor formatdagi shaxmatda bir necha bor imkoniyatni boy bergan edim. Ammo bu gal na onlayn, na tezkor shaxmat haqida o‘yladim — shunchaki sifatli o‘ynashga harakat qildim. Shu sababli o‘sha mag‘lubiyatlardan keyin aynan Nihal ustidan qozonilgan g‘alaba men uchun yanada yoqimli bo‘ldi”, — dedi u.

FIDEning O‘zbekistonning chempionlik uchun imkoniyatlari haqidagi savoliga javob berar ekan, Yoqubboyev Hindiston mag‘lub etilgach, jamoa holati yaxshilanganini, biroq musobaqa yakunigacha hali ancha borligini ta’kidladi: “Hozir imkoniyatlarimiz boshqa jamoalarnikiga qaraganda yaxshiroq. Biroq bo‘shashish yaramaydi — tobora yaxshiroq tayyorlanish zarur. Oramizda „faqat Olimpiadadan keyin dam olamiz“ degan hazillashib yuramiz. Ungacha esa tinimsiz mehnat qilish shart”. Mahalliy jurnalistlar bilan suhbatda ham u sport formasi saqlanib qolsa, terma jamoaning chempionlik uchun kurashish imkoniyati ancha yuqori ekanini qo‘shimcha qildi.

O‘zbekiston birinchi terma jamoasi kapitani Rustam Qosimjonov ham Hindiston ustidan qozonilgan muvaffaqiyatdan so‘ng oraliq natijaga ortiqcha baho bermaslikka chaqirdi. Olimpiada boshlanishidan avval u o‘z intervyusida jamoa istiqboliga nisbatan “vazmin optimizm” kayfiyatida ekanini bildirgandi. Oltinchi turdan keyin ham uning pozitsiyasi deyarli o‘zgarmadi. “Men hamon vazmin optimizm kayfiyatidaman. Ehtimol, endi biroz ko‘proq optimistikdirman, ammo baribir ehtiyotkorman. Boisi hozir yigitlar, aslida, g‘alabani nishonlayapti, biz esa hali yana beshta turni yengib o‘tishimiz kerak”, — dedi Qosimjonov FIDEga.

Kapitanning so‘zlariga ko‘ra, tur davomida u nafaqat o‘zbekistonlik shaxmatchilarning o‘yinlarini, balki asosiy raqobatchilar qanday qatnashayotganini ham sinchkovlik bilan kuzatib boradi: “Chunki raqiblarimizning ko‘rsatkichlarini tushunib turish juda muhim deb hisoblayman. Shuning uchun birinchi to‘rt-beshta bahsni muntazam kuzataman”. Qosimjonov jamoa ichidagi ish tartibi va rejalarning tafsilotlarini oshkor qilishni hozircha istamadi: “O‘zbek matbuotiga nima degan bo‘lsam, sizga ham shuni aytaman: barcha tafsilotlarni Olimpiadada g‘alaba qozonganimizdan so‘ng so‘zlab beraman. Ungacha esa mendan hech narsa eshitmaysiz”.

22-sentabr Olimpiadada dam olish kuni deb belgilangan. Qosimjonov o‘yinchilar kuch to‘plab olishi zarurligini, ammo to‘liq bo‘shashishga hali erta ekanini ta’kidladi: “Ular, shubhasiz, dam olishlari kerak, lekin haddan tashqari emas. Ishlashda davom etishimiz lozim, chunki hech kim Olimpiadani osonlikcha yutmagan, biz ham uni osonlikcha qo‘lga kirita olmaymiz. Oldinda hali mashaqqatli mehnat kutib turibdi”, — dedi o‘zbek shaxmati afsonasi. Kapitan, shuningdek, Olimpiada O‘zbekistonda o‘tayotgani sababli jamoa duch kelayotgan ruhiy bosimga ham to‘xtalib o‘tdi: “O‘z uyingda o‘ynash doim qiyinroq deb hisoblaganman. Bu haqiqatan ham og‘ir, lekin ayni paytda barchasi biroz bayramga ham o‘xshaydi. Shu sababli bu omil ikki tomonlama ishlasa kerak”.

Oltinchi turda O‘zbekiston Hindistonni 2,5:1,5 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindarov va Shamsiddin Vohidov o‘z partiyalarini durang bilan yakunladi, yagona g‘alabani esa Yoqubboyev qo‘lga kiritdi. Olti turdan so‘ng O‘zbekiston milliy jamoasi to‘plash mumkin bo‘lgan 12 ochkodan 12 ochko jamg‘arib, yakka peshqadamlik bo‘lib turibdi. Keyingi bahs 23-sentabr kuni 11 ochko bilan mag‘lubiyatsiz odimlayotgan Xitoy terma jamoasiga qarshi bo‘lib o‘tadi.

Source: www.gazeta.uz