O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Xorazm viloyati Tuproqqal’a tumanida avval noma’lum bo‘lgan qabriston aniqlanganini ma’lum qildi. Topilma Ma’mun akademiyasi arxeologlari ekspeditsiyasining 2026-yilgi dala tadqiqotlari davomida qayd etilgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yodgorlik bronza davriga oid bo‘lishi mumkin.
Qabristonda toshdan qurilgan 19 ta yashiksimon qabr, bronza buyumlar va munchoqlar topilgan. Arxeologlarning xabar berishicha, qabrlar ichidan g‘ujanak holda dafn etilgan jasadlar aniqlangan. Marhumlar bilan birga dafn anjomlari – bronza buyumlar va munchoqlar ham qo‘yilgan. Bu topilmalar qadimgi aholining dafn marosimlari va e’tiqodlari haqida qimmatli ma’lumot beradi.
Arxeolog Bahrom Sa’dullayevning so‘zlariga ko‘ra, yodgorlik Amudaryoning o‘ng sohilidagi Janubiy Xorazm hududida joylashgan. Qabrlarning harsang toshlardan yasalgan yashiksimon tuzilishi ularni Qozog‘iston janubi, xususan, Sirdaryo havzasida aniqlangan ayrim yodgorliklar bilan taqqoslash imkonini beradi. Bu esa mintaqalar o‘rtasidagi qadimiy madaniy aloqalarni o‘rganishda muhim ahamiyatga ega.
Olimlarning ta’kidlashicha, yodgorlik Markaziy Osiyo aholisining qadimgi tarixi, jumladan, ularning migratsiyasi va o‘troqlashuv jarayonlarini o‘rganish uchun muhim manba bo‘lishi mumkin. Qabrlarning tuzilishi Janubiy Qozog‘istondagi ayrim bronza davri yodgorliklariga o‘xshashi mintaqalar o‘rtasidagi qadimiy madaniy aloqalarni yoritishga yordam beradi.
Shu bilan birga, yodgorlikning aniq sanasi va qaysi arxeologik madaniyatga mansubligi hozircha belgilanmagan. Yakuniy xulosa arxeologik materiallarni kompleks o‘rganish va laboratoriya tadqiqotlaridan keyin beriladi. Hozir akademiya mutaxassislari ekspeditsiya davomida topilgan materiallarni dastlabki qayta ishlash va hujjatlashtirish ishlarini olib bormoqda. Keyinchalik qabr inshootlari, antropologik materiallar va dafn anjomlari batafsil o‘rganiladi.
Ma’lumot uchun, Markaziy Osiyoda bronza davri miloddan avvalgi III ming yillikdan I ming yillik boshlarigacha bo‘lgan davrni qamrab oladi. Avvalroq Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumanidagi Ozod yodgorligida miloddan avvalgi 1700−1500-yillarga tegishli qabriston va arxeologik ashyolar topilgan edi.
Source: www.gazeta.uz