Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on shahar sudida Rossiya-Ukraina urushida Rossiya tomonida jang qilgan 26 yoshli A.X.ga oid jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Sud hujjatlari bilan tanishgan “Gazeta.uz” nashrining xabar berishicha, sudlanuvchi 2023-yilda ishlash maqsadida Rossiyaning Vladivostok shahriga borgan, biroq o‘sha yilning noyabrida giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq jinoyatda ayblanib, 2025-yil mart oyida 12 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.

Sud hujjatiga ko‘ra, A.X. jazoni Krasnoyarskdagi 6-sonli jazoni ijro etish muassasasida o‘tagan. Jazo o‘tash davrida u Rossiya Mudofaa vazirligi bilan harbiy xizmat shartnomasini tuzgan va 2025-yil 9-dekabrda Krasnoyarsk viloyatidagi harbiy qismga oddiy askar, “o‘qchi” lavozimiga qabul qilingan. U yerda birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, granata uloqtirish, quroldan o‘q otish va jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha mashg‘ulotlardan o‘tgan.

Sudlanuvchining ko‘rsatmasiga ko‘ra, Rossiya Mudofaa vazirligi mas’ul xodimlari unga harbiy shartnoma tuzishni taklif qilgan va bir yillik harbiy xizmat evaziga shartli ravishda jazodan ozod qilish hamda Rossiya fuqaroligini berishni va’da qilgan. A.X. bu taklifga dastlab rozi bo‘lmaganini, ikki oy davomida qiynoqlar ostida ayblovni tan olmaganini, ammo keyinchalik chidab bo‘lmagach, moddiy manfaat va ozodlik evaziga shartnoma imzolashga majbur bo‘lganini bildirgan.

Shartnoma imzolanganidan so‘ng A.X. va yana 20 nafar turli millatga mansub shaxs harbiy mashinada olib ketilgan, bir sutka yo‘l yurib harbiy aeroportga yetib borgan va samolyotda Rostov Don shahridagi poligonga uchirilgan. Poligonda uch kun yer ostidagi blindajlarda kutib turganidan so‘ng ular Ukraina hududi ichkarisiga olib ketilgan va harbiy qismga joylashtirilgan. 17-dekabr kuni kechqurun ular turgan hududga dronlar hujum qilgan, A.X. beton bo‘laklari ostida qolib, o‘ng oyog‘i va qo‘lidan jarohat olgan.

Jarohatdan so‘ng A.X. Rostovdagi harbiy gospitalga, keyin Sankt Peterburgdagi harbiy gospitalga ko‘chirilgan va u yerda qariyb 2,5 oy davolangan. Davolanish davrida u shifoxonadan qochish rejasini tuzgan, mart oyining oxirida gospitaldan chiqib taksi bilan Moskvaga borgan, O‘zbekiston elchixonasiga murojaat qilib, 10-aprelda O‘zbekistonga qaytish guvohnomasini olgan va 13-aprelda Moskva-Andijon yo‘nalishi bo‘yicha aviachipta sotib olib vatanga qaytgan.

Sud A.X.ni Jinoyat kodeksining 154-moddasi (Yollanish) 1-qismi va 154−1-moddasi (Chet davlatlarning harbiy xizmatiga kirish, yollanish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sod etganlikda aybli deb topdi. Unga 154-modda 1-qismi bo‘yicha 3 yil ozodlikdan mahrum qilish, 154−1-moddasi 1-qismi bo‘yicha esa 2 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi. Jazolarni qisman qo‘shish orqali uzil-kesil 3 yil 1 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, u umumiy tartibli koloniyada jazo o‘taydi. Jazo muddati 2026-yil 11-sentabrdan hisoblanadi. Sud zalida unga nisbatan “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

Source: www.gazeta.uz