Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Prezident Shavkat Mirziyoyev 18-sentabr kuni Qoraqalpog‘istonning Nukus tumanidagi Diyqan arna mahallasiga tashrifi chog‘ida kam ta’minlangan fuqarolarni ish bilan ta’minlashga tadbirkorlarni faolroq jalb qilishni taklif qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ish o‘rinlari yaratadigan biznesga kredit va soliqlar bo‘yicha yanada qulay shartlar taqdim etish mumkin.

Nukus tumani hokimi Ziyauatdin Zaytovning ma’lum qilishicha, tumanda kambag‘allikdan chiqarish dasturiga 620 ta oila, ya’ni 2865 kishi kiritilgan. Ushbu oilalar tarkibi o‘rganilgandan so‘ng 765 nafar fuqaro bilan bevosita ishlash zarurligi aniqlangan. Ulardan 464 nafari rasman ishlaydi, ammo daromadi past.

Mirziyoyev yordamni manzilli yo‘naltirish, ya’ni unga haqiqatan muhtoj bo‘lganlarga berish kerakligini ta’kidladi. “Mening maqsadim — ega-egasini topib, joyini topib, kerak odam bilan shug‘ullanaylik. Men bergan pulni kerak odamga beringlar, Xudo xayringizni bersin”, — dedi prezident “O‘zbekiston 24” telekanali syujetida.

Prezident, shuningdek, mahalliy hokimliklarga kam ta’minlangan oilalar bilan manzilli ishlash va fuqarolarni ish bilan ta’minlash uchun zarur vakolatlar berilganini aytdi. “Odamning ongini o‘zgartiringlar. Nima vakolating yo‘q? Mana endi hamma narsani sening qo‘lingga berdim. Bankir ham senda, muovin ham senda, soliq ham senda. Qaror bilan shtabning boshlig‘iga berdim, to‘g‘rimi?” — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari obyektiv sabablarga ko‘ra davlat yordamiga muhtoj bo‘lgan odamlar va mehnatga layoqatli fuqarolarga turlicha yondashish kerakligini ta’kidladi. “Davlat qaramog‘ida bo‘lganga prezidentning bosh og‘riqsin. Sening boshing og‘rimasin. Men unga nafaqa ham beraman, stipendiya ham beraman, men unga oylikni ham beraman. Uni o‘zim, men hech qaysiga tashlab qo‘ymayman”, — dedi Mirziyoyev. Uning so‘zlariga ko‘ra, mehnatga layoqatli fuqarolarga esa daromad manbaini yaratishda yordam berish, jumladan, kredit ajratish, chorva olib berish yoki mahalliy tadbirkorlarga ishga joylashtirish kerak.

Prezident tadbirkorlar bilan kelishuvning ehtimoliy variantini ham misol keltirdi: “Sen kredit olgan ekansan 10 milliard. Shu 10 milliardni besh yilda emas, 10 yilda cho‘zib beraman senga yana. Lekin menga 50 ta odamni ish bilan ta’minlab ber. Men senga solig‘ingni to‘lashning 5 foizini kamaytirib beraman. Menga 20 ta odamni ish bilan ta’minla”.

Zaytov tumanda qariyb 1300 nafar tadbirkor borligini, ular orasidan hokimlik 20 nafar “lider” tadbirkorni tanlab olganini ma’lum qildi. Qo‘llab-quvvatlangan loyihalardan biri ishini 20 nafar xodim bilan boshlagan, hozir esa 200 kishini ish bilan ta’minlamoqda.

Mirziyoyev, shuningdek, uning so‘zlariga ko‘ra, qabul qilinayotgan qarorlar va berilgan vakolatlarni batafsil o‘rganmayotgan hokimlarni tanqid qildi. “Hokimning qarorni o‘qishga toqati yo‘q. Eng azob, men shunchalik uni o‘tirib-o‘tirib, qiynalib qo‘l qo‘yaman, lekin ichiga kirmaydi”, — dedi u. Prezident hokim bo‘lib ishlagan davrida hujjatlarni batafsil o‘rganib, qanday natijaga erishish kerakligini mustaqil belgilaganini eslatdi. “Sizlarga hamma vakolatni berganman. Shuning uchun yil yakunidan keyin bugungi farmonimni ham tushunmagan odam bilan men ishlamayman”, — dedi u.

Prezident aholi daromadlarining oshishi hokimliklarning odamlar bilan ishlash samaradorligiga bevosita ta’sir qilishini ham ta’kidladi. “Odamlar qancha ko‘p daromadli bo‘lsa, sening gaping qulog‘iga moyday yoqadi. Daromadsiz odamga gapirsang, seni eshitgisi ham kelmaydi, ko‘rgisi ham. To‘g‘rimi?” — dedi Shavkat Mirziyoyev. U, shuningdek, katta avlod vakillarini jamoat hayotida va mahalliy hokimliklar faoliyati ustidan nazoratda faolroq ishtirok etishga chaqirdi. “„Nuroniy“ jamg‘armasi hokimni taklif qilib, hokimning aybini bo‘yniga qo‘yib, prezidentga ishdan olinsin deb tavsiyanoma beryapsizlar. Men roziman shuni ko‘rib chiqishga”, — dedi u. Mirziyoyev katta avlod vakillarini “elning boshi” deb atab, ularni tinchlik va osoyishtalikni qadrlaydigan befarq bo‘lmagan insonlar sifatida ta’rifladi. “Meni eng katta masalam — tinchlikni ta’minlab berish. Tinchlikni. Xudo ko‘rsatmasin, agar tinchlik bo‘lmasa, bu hamjihatlik, bu natijadorlik bo‘lmaydi”, — deya ta’kidladi prezident.

Uchrashuvda tadbirkorlardan biri uning korxonasida 200 kishi ishlashi, ularning 90 foizini qishloq mahallalaridan bo‘lgan ayollar tashkil etishini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 110 nafar xodima Qozog‘istondagi mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan. Kompaniya yana 50 ta malakali ish o‘rni yaratishni rejalashtirmoqda. Korxona, shuningdek, kam ta’minlangan 10 ta oiladagi ayollar bilan ishlashni boshlagan. Ularga yo‘l haqi va ovqatlanish xarajatlari qoplab berilmoqda. Tadbirkor bu oilalarni kambag‘allik reyestridan chiqarish va ularning uy-joy sharoitini yaxshilashga yordam berish niyatida ekanini bildirdi.

Bunga javoban Mirziyoyev ayollarni ish bilan ta’minlaydigan biznes uchun rag‘batlarni kengaytirishni taklif qildi. “Ayollar kengashi tadbirkorlarining bankdan foizi, soliqdan imkoniyati bo‘ladi… Faqat ayollarni ishga joylashtirganlarga”, — dedi prezident. Mirziyoyev, shuningdek, har yili Mustaqillik kuni arafasida boshqa ayollar uchun ish o‘rinlari yaratayotgan tadbirkor va rahbar ayollarni davlat mukofotlariga tavsiya etishni taklif qildi. “Faqat ayollarni ishga joylashtirgan tadbirkorlarning pulini qilib berasizlar”, — dedi prezident.

Source: www.gazeta.uz