O'zbekiston-1 erkaklar milliy jamoasi Samarqanddagi 46-Jahon shaxmat Olimpiadasining yettinchi turida Xitoy termasini 3:1 hisobida mag'lubiyatga uchratdi. Bu g'alaba bilan jamoa yettita uchrashuvning barchasida zafar quchib, maksimal 14 ochko to'pladi va turnir jadvalida yakka peshqadamlikni mustahkamladi.
Joriy yilda jahon toji uchun Dommaraju Gukeshga qarshi dona suradigan Javohir Sindarov yettinchi turda Xitoyning eng kuchli grossmeysterlaridan biri Vey I (2752) bilan kuch sinashdi. Javohir bungacha uni Jahon kubogi va Nomzodlar turnirida mag'lub etgan edi. Bu safargi bahs durang bilan yakunlandi. Yetti turdan so'ng Sindarov hisobida 6 ta partiyadan 4,5 ochko mavjud — uchta g'alaba va uchta durang. Shu tariqa, grossmeyster o'z uyida o'tayotgan nufuzli musobaqada hali birorta ham mag'lubiyatga uchramadi. Sindorovning xalqaro turnirlarga, jumladan, mazkur shaxmat Olimpiadasiga tayyorgarligi va ishtiroki, shuningdek, murabbiylar bilan ishlashi O'zbekiston Milliy banki ko'magida amalga oshirilmoqda.
Yettinchi tur oldidan aynan Xitoy va Armaniston O'zbekistonning eng yaqin ikki ta'qibchisi bo'lib turgan edi. Olti turdan keyin o'zbekistonlik shaxmatchilar hisobida 12, xitoylik va armanistonliklarda esa 11 tadan ochko bor edi. O'zaro uchrashuvdagi asosiy ochkolarni ikki Nodirbek taqdim etdi. Abdusattorov (2762) Din Lijenni (2733) mag'lub etdi. Vaholanki, xitoylik shaxmatchi avvalgi turda jahonning kuchli o'nligidan joy olgan Vinsent Kaymerni yengib, Xitoyning Germaniya ustidan 3:1 hisobida g'alaba qozonishiga yordam bergan edi. Birinchi doskada Nodirbek Abdusattorov (2762) sobiq jahon chempioni Din Lijen (2733) ustidan zafar quchgan bo'lsa, Nodirbek Yoqubboyev (2685) Yuy Yan'ini (2710) yutdi. Javohir Sindarov (2778) hamda Muhiddin Madaminov (2611) esa mos ravishda Vey I (2752) va Syuy Syan'yuy (2631) bilan durangga imzo chekdi.
Ikki kun muqaddas Nihal Sarin ustidan qozonilgan g'alabasi bilan O'zbekistonning Hindistonga qarshi muhim muvaffaqiyatini ta'minlagan Yoqubboyev (2685) bu gal Yuy Yan'idan (2710) ustun keldi. Yakuniy hisob — O'zbekiston foydasiga 3:1. Yetti tur yakunlariga ko'ra, Rustam Qosimjonov shogirdlari yetti o'yinda yettita g'alaba qayd etib, maksimal 14 jamoaviy ochkoga ega bo'lib turibdi. Qolaversa, o'zbekistonlik shaxmatchilar mazkur Olimpiadada hali yakkalik bahslarida ham biror marta mag'lubiyatga uchramadi. Bungacha birinchi milliy jamoa ketma-ket ravishda Yamayka, Peru, Avstriya, Turkiya, Vengriya va amaldagi olimpiya chempioni Hindistonni mag'lub etgandi.
O'zbekiston ikkinchi erkaklar jamoasi 7-turda Olimpiadani 30-raqam ostida boshlagan bo'lsa-da, musobaqada 9-raqam ostida saralangan kuchli Fransiya jamoasiga qarshi bahs olib bordi. Dastlabki uch doskada durang qayd etildi. Jahongir Vohidov (2527) sezilarli ustunlikka ega bo'lishiga qaramay, Maksim Vashe-Lagrav (2718) bilan ochkoni bo'lishib oldi. Abdimalik Abdisalimov (2548) Maksim Lagard (2593) bilan, Muhammadzohid Suyarov (2540) esa Mark-Andria Mauritsi (2612) bilan durang o'ynadi. Material tayyorlanayotgan vaqtda Ortiq Nigmatov (2484) va Jyul Mussar (2602) o'rtasidagi bahs hali davom etayotgan edi. Oraliq hisob — 1,5:1,5. Olti turdan so'ng O'zbekiston-2 jamoasi 5 g'alaba va 1 mag'lubiyat bilan 13-o'rinni egallab turgan edi. Jamoa boshqa g'alabalari qatorida Ispaniyani ham taslim etgan.
Uchinchi erkaklar jamoasi Janubiy Afrika Respublikasi (JAR) bilan kuch sinashmoqda. Bungacha Olimpiadadagi barcha 5 ta partiyasini g'alaba bilan yakunlagan Asrorjon Omonov (2347) zafarli seriyasini davom ettirdi — u to'rtinchi taxtada Charlton Mnyastuni (2236) taslim etdi. Olmos Rahmatullayev (2418) Kaleb Levi Levitan (2316) bilan durang o'ynadi. Saidakabar Saydaliyev va Muhammadali Abdurahmonovning partiyalari material tayyorlanayotgan paytda hali yakuniga yetmagan edi. O'zbekiston-3 hisobda 1,5:0,5 oldinda bormoqda.
O'zbekiston birinchi ayollar jamoasi o'tgan turda Gruziyadan uchralgan mag'lubiyatdan so'ng Sloveniya ustidan 3,5:0,5 hisobida ishonchli g'alabaga erishdi. Jamoa safida Afruza Hamdamova, Gulruhbegim Tohirjonova va Guldona Karimova raqiblarini mag'lubiyatga uchratdi, Nilufarxon Imomqo'ziyeva esa o'z bahsini durang bilan yakunladi. Yetti turdan so'ng birinchi ayollar jamoasi hisobida 11 jamoaviy ochko mavjud bo'lib, ular maqola e'lon qilingan vaqtda turnir jadvalining 6-pog'onasini egallab turibdi.
O'zbekiston ikkinchi ayollar jamoasi Tojikistonni 3:1 hisobida mag'lubiyatga uchratdi. Madinabonu Xalilova Nozanin Mahmudovani, Mumtozbegim Mansurova Shukrona Mashabovani yutdi. Nilufar Yoqubboyeva Marvoriy Nasriddinzoda bilan, Marjona Malikova esa Nadejda Antonova bilan durangga imzo chekdi. Uchinchi ayollar terma jamoasi Peruga qarshi yakunlangan ikki partiya natijasiga ko'ra 0:2 hisobida ortda qolayotgan edi. Maftuna Bobomurodova Mariya Teresa Ximenes Salasga, Shohina Ahmedova esa Fiorella Kontrerasga imkoniyatni boy berdi. Zilola Aktamovaning Deysi Koriga qarshi va Ozoda Shahzodovaning Aleyla Ilarioga qarshi partiyalari taqdim etilgan vaqtda hali davom etayotgandi.
46-Butunjahon shaxmat Olimpiadasi Samarqandda 11 tur davomida o'tkazilmoqda. Musobaqalar 27-sentabrda o'z nihoyasiga yetadi. Har bir jamoaviy bahsda to'rt nafar shaxmatchi dona suradi, yana bir nafari esa zaxira a'zosi sifatida qaydnomaga kiritiladi. Jamoaviy g'alaba uchun 2 ochko, durang uchun esa 1 ochko beriladi. Vaqt nazorati: dastlabki 40 ta yurish uchun 90 daqiqa, so'ngra partiya oxirigacha yana 30 daqiqa vaqt ajratiladi. Bundan tashqari, birinchi yurishdan boshlab har bir yurish uchun o'yinchilarga 30 soniyadan qo'shib boriladi. Partiyalar translyatsiyasini UzChess (o'zbek tilida) hamda City Chess (rus tilida) YouTube kanallari orqali tomosha qilish mumkin.
Source: www.gazeta.uz