O'zbekiston milliy futbol jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro 23-sentabr kuni Farg'onada bo'lib o'tgan matbuot anjumanida Argentina bilan o'rtoqlik uchrashuvi tashkil etishga urinilganini, ammo rejalashtirilgan bahsga oz qolganda Argentina tomoni o'z qarorini o'zgartirganini ma'lum qildi. Uning so'zlariga ko'ra, o'yin Argentinada o'tkazilishi kerak edi, chunki bu Lionel Messining so'nggi o'yini bo'lishi rejalashtirilgan edi.
"Ha, bu to'g'ri, biz Argentina bilan o'ynashga harakat qildik. Afsuski, o'yinga taxminan uch hafta qolganda ularning federatsiyasi bahsni Argentinada o'tkazishga qaror qildi, chunki bu [Lionel] Messining so'nggi o'yini bo'lishi kerak edi", — dedi Kannavaro. Messining xayrlashuv uchrashuvi 6-oktabr kuni Buenos Ayresdagi "Monumental" stadionida bo'lib o'tadi: Argentina terma jamoasi Benin bilan to'qnash keladi.
Kannavaroning so'zlariga ko'ra, O'zbekiston tomoni yuqori saviyadagi boshqa raqib topishga harakat qilgan. Suriya terma jamoasi haqida to'xtalar ekan, Kannavaro ular, albatta, Argentina darajasida emasligini, biroq shunga qaramay kuchli raqib sanalishini va jiddiy qarshilik ko'rsatishga qodirligini ta'kidladi. Eron bilan bo'lajak uchrashuv haqida gapirar ekan, Kannavaro O'zbekiston milliy terma jamoasiga aynan shunday o'yinlar zarurligini qayd etdi. Xabar tayyorlanayotgan paytda o'yin 3:1 hisobida O'zbekiston g'alabasi bilan yakunlandi.
"Jahon chempionatidan so'ng biz juda yaxshi jamoa bilan to'qnash kelyapmiz. Men federatsiyadan imkon qadar doimo qiyin o'yinlarni tashkil qilishni so'radim, chunki imkoniyat bo'lsa, top terma jamoalarga qarshi maydonga tushishimiz kerak. Eron — Osiyoning eng kuchli milliy termalaridan biri, futbolchilari ulkan tajribaga ega. O'ylaymanki, bu kabi bahslar biz uchun juda foydali bo'ladi", — dedi bosh murabbiy. Jamoa sardori Eldor Shomurodov uzoq tanaffusdan so'ng jamoa anchagina yangilangan tarkib bilan yig'ilganini, ammo vazifa o'zgarishsiz qolganini bildirdi. "Maqsadimiz o'zgarmagan — har doimgidek, har bir o'yinga g'alaba uchun tushish. O'ylaymanki, ertaga juda ajoyib muhit bo'ladi. Maqsadimiz — muxlislarni g'alaba bilan xursand qilish", — dedi u.
Kannavaro, shuningdek, Jahon chempionatida ishtirok etgan bir qator futbolchilarning (Ikrom Aliboyev, Jamshid Iskanderov va boshqalar) bu galgi tarkibda yo'qligiga ham izoh berdi. "Eshiklar hamma uchun ochiq. Jahon chempionatidan keyin ba'zi o'yinchilarning sport formasida muammolar bor edi, ayrimlari esa jarohat oldi. Shu sababli milliy jamoada boshqalarga imkoniyat berish mutlaqo tabiiy hol deb o'ylayman", — dedi u. Murabbiyning so'zlariga ko'ra, murabbiylar shtabi bu safargi yig'inga jalb etilmagan futbolchilarni ham kuzatishda davom etmoqda. Uning ta'kidlashicha, Jahon chempionatidan so'ng ayrim futbolchilar jarohat olgan, ba'zilari o'ziga klub topa olmagan, boshqalarning esa o'yin saviyasi pasaygan.
Kannavaroga mazkur yig'inga chaqirilgan eng yosh futbolchi — 16 yoshli Muhammad Hakimov haqida ham alohida savol berildi. "U biz anchadan beri kuzatib kelayotgan futbolchilar qatoriga kiradi. Rejamiz — boshqalar qatori unga ham bir necha daqiqa ajratib, o'ynash imkoniyatini berish. Bir narsani aniq tushunib olish kerak: bu yerda yosh yoki qari degan narsa yo'q, bu yer — milliy jamoa. Agar yosh futbolchida mahorat va istiqbol bo'lsa, u, albatta, imkoniyatga ega bo'ladi", — dedi Kannavaro. Murabbiy yoshning o'zi tajribali futbolchilarni tanlashda ham asosiy mezon bo'la olmasligini qo'shimcha qildi: agar futbolchi kerakli saviyada o'ynay olsa, u milliy jamoaga chaqirilishi mumkin.
Matbuot anjumanining katta qismi tarkibning yangilanishiga bag'ishlandi. Jurnalistlardan biri Kannavarodan murabbiylar shtabida tanlov bo'yicha aniq mezonlar bor-yo'qligini so'rab, Superligada o'zini ko'rsatgan ba'zi futbolchilar chaqiruv ololmaganini qayd etdi. Kannavaro murabbiylar shtabi milliy jamoani kuchaytira oladigan, iste'dodli va yaxshi sport formasida bo'lgan futbolchilarni izlayotganini aytdi. "Boshqa o'yinchilarni chaqirayotganimiz nega muammo bo'lishi kerakligini tushunmayapman. Futbol shunisi bilan futbol — har kim unga turlicha qaraydi. Agar sizda nimanidir ko'rsam, ertaga ertalab sizni ham chaqiraman. Agar siz futbol o'ynashni bilsangiz va bizga yordam bera olsangiz", — dedi u. Murabbiy avvallari jurnalistlar terma jamoaning deyarli bir xil 22−23 nafar futbolchi bilan cheklanib qolganini tanqid qilishganini eslatdi. "Kecha siz buni inqilob deb atadingiz. Bu inqilob emas. Men uchun bu — o'zini yaxshi ko'rsatayotgan yoki kelajakda milliy jamoamizning yanada kuchayishiga yordam bera oladigan futbolchilarga imkoniyat berishdir. Men sizning nuqtai nazaringizni hurmat qilaman va siz ham menikini hurmat qilasiz degan umidda", — dedi Kannavaro. Murabbiyning ta'kidlashicha, shtab futbolchilarning hozirgi sport formasi, jarohatlari va salohiyatini inobatga olmoqda, tarkib esa kelgusida yana o'zgarishi mumkin. Kannavaro milliy jamoa eshiklari barcha futbolchilar uchun ochiqligini alohida qayd etdi.
Darvozabonlar: Abduvohid Ne'matov ("Nasaf"), Vladimir Nazarov ("Paxtakor"), Edem Nemanov ("Dinamo Samarqand"), Samandar Muratboyev ("Nasaf"). Himoyachilar: Abduqodir Husanov ("Manchester Siti", Angliya), Nurmuhammad Abdug'aniyev ("Neftchi"), Muhammadrasul Abdumajidov ("Paxtakor"), Mahmudjon Mahamadjonov ("Dinamo Maxachqal'a", Rossiya), Muhammad Hakimov ("Bunyodkor"), Hojiakbar Alijonov ("Paxtakor"), Sherzod Nasrullayev ("Paxtakor"), Behruzjon Karimov ("Lugano", Shveysariya), G'iyosjon Rizoqulov ("Qizilqum"), Jahongir O'rozov ("Rubin Qozon", Rossiya). Yarimhimoyachilar: Umarali Rahmonaliyev ("Sabah", Ozarbayjon), Dostonbek Hamdamov ("Paxtakor"), Akmal Mozgovoy ("Paxtakor"), Azizjon G'aniyev ("Baniyas", BAA), Odiljon Hamrobekov ("Traktor", Eron), Abbosbek Fayzullayev ("Bashakshehir", Turkiya), Jasur Jaloliddinov ("So'g'diyona"), Ruslan Jiyanov ("Navbahor"), Sardor Bahromov ("Nasaf"), Sherzod Esanov ("Buxoro"), Aziz Xolmurodov (OKMK), Azizbek To'lqinbekov ("Bunyodkor"), Behruz O'ktamov ("Surxon"), Diyor Xolmatov ("Navbahor"). Hujumchilar: Eldor Shomurodov ("Bashakshehir", Turkiya), Azizbek Amonov ("Dinamo"), Husayn Norchayev ("Navbahor"), Muhammadali O'rinboyev ("Antverpen", Belgiya). Terma jamoaning keyingi o'rtoqlik uchrashuvlari: 1-oktabr — Suriya bilan, 6-oktabr — Janubiy Koreya bilan.
Source: www.gazeta.uz