Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Jizzax viloyatining Zomin va Sharof Rashidov tumanlarida olib borilgan arxeologik dala-qidiruv ishlari davomida paleolit va neolit davrlariga oid yangi arxeologik obyektlar hamda 30 ga yaqin qoyatosh surati aniqlandi. Bu haqda Yahyo Gʻulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti matbuot xizmati xabar berdi.

Tadqiqotlar joriy yilning sentabr oyida Madaniy meros agentligi hamda Samarqand arxeologiya instituti xodimlari tomonidan amalga oshirildi. Zomin tumanidagi qidiruv ishlari davomida tosh davriga oid bir qator yangi arxeologik obyektlar qayd etilgan. Dastlabki xulosalarga koʻra, Achchi qishlogʻining sharqiy qismida paleolit davriga (miloddan avvalgi 2,5 mln yildan 14 ming yillikkacha boʻlgan davr), Peshagʻor qishlogʻida esa neolit davriga (miloddan avvalgi VI–III ming yilliklar) oid manzillar aniqlangan. Shuningdek, Achchi qishlogʻining gʻarbiy qismi va Arja qishlogʻi hududlarida ham neolit davriga mansub topilmajoylar qayd etilgan.

Taʼkidlanishicha, bir hudud doirasida paleolit va neolit davrlariga oid yodgorliklarning aniqlanishi Zomin vohasi hamda Turkiston togʻ tizmasining ushbu qismida qadimgi jamoalar uzoq tarixiy davrlar davomida yashagan va hududdan muntazam foydalangan boʻlishi mumkinligini koʻrsatadi. Mutaxassislarga koʻra, yangi topilmalar Turkiston togʻ tizmasida tosh davri jamoalarining tarqalishi, yashash muhiti va xoʻjalik faoliyatini oʻrganish uchun muhim ilmiy manba boʻlishi mumkin.

Dala-qidiruv ishlari davomida Sharof Rashidov tumanida ham yangi arxeologik obyekt aniqlangan. Ravot qishlogʻi hududida, Ravotsoyning chap sohilida qoyatosh suratlari majmuasi qayd etilgan. Yettita slanets qoyatosh yuzasida 30 ga yaqin petroglif aniqlangan. Ular orasida ovchi, togʻ echkisi, qoramol, it, quyoshsimon belgi hamda kamondan oʻq uzayotgan ovchi tasvirlari bor. Dastlabki tahlillarga koʻra, mazkur petrogliflar bronza davridan (miloddan avvalgi III ming yillikdan I ming yillik boshlarigacha) ilk oʻrta asrlargacha (V–XI asrlar) boʻlgan davrlarga mansub.

Mutaxassislar aniqlangan obyektlar Jizzax vohasi va Turkiston togʻ tizmasining qadimgi tarixini oʻrganish uchun yangi ilmiy maʼlumotlar berishi mumkinligini taʼkidlamoqda. Kelgusida aniqlangan yodgorliklarda keng koʻlamli arxeologik tadqiqotlar oʻtkazish, topilmalarni davrlashtirish va hujjatlashtirish ishlarini davom ettirish rejalashtirilgan. Maʼlumot uchun, 2025-yilda Jizzax viloyati Gʻallaorol tumanida ham paleolit va neolit davrlariga oid yangi arxeologik maskanlar aniqlangan edi. Xususan, Oʻgat qishlogʻining gʻarbiy qismida soʻnggi paleolit davriga oid ibtidoiy kishilarning yashash makoni qayd etilgan. Qoropchi qishlogʻining shimoliy etaklarida va Yonboshtut qishlogʻi shimolida esa neolit davriga mansub yangi makonlar aniqlangan.

Source: www.gazeta.uz