Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Madaniy meros agentligi va Ya. G'ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti xodimlari Jizzax viloyatining Zomin va Sharof Rashidov tumanlarida arxeologik dala qidiruv-tekshirish ishlarini olib bordi. Bu haqda Madaniy meros agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

Tadqiqotlar davomida Zomin tumanining bir qator hududlarida tosh davriga oid yangi arxeologik obyektlar aniqlangan. Dastlabki ma'lumotlarga ko'ra, Achchi qishlog'ining sharqiy qismida paleolit davriga oid manzilgoh, Peshag'or qishlog'ida esa neolit davriga oid manzilgoh qayd etilgan. Shuningdek, Achchi qishlog'ining g'arbiy qismida va Arja qishlog'i hududida neolit davriga oid arxeologik topilmalar joylashgan hududlar aniqlangan.

«Bu qadimiy jamoalar uzoq tarixiy davrlar mobaynida Zomin vohasida va Turkiston tizmasining ushbu qismida yashab, bu hududdan muntazam foydalanganliklaridan dalolat beradi», — deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, Sharof Rashidov tumanining Ravot qishlog'i hududida olib borilgan dala qidiruv-tekshirish ishlari davomida yangi qoyatosh tasvirlari (petrogliflar) majmuasi aniqlangan. Yetti ta slanets qoyatosh yuzasida 30 ga yaqin petroglif topilgan.

Ular orasida ovchi, tog' echkisi, qoramol, it figuralari, quyosh belgisi, shuningdek, kamondan o'q uzayotgan ovchi tasviri mavjud. Dastlabki ma'lumotlarga ko'ra, rasmlar bronza davridan to ilk o'rta asrlarga qadar bo'lgan davrga tegishli.

Ta'kidlanishicha, aniqlangan arxeologik obyektlar va petrogliflar Jizzax vohasi va Turkiston tizmasining qadimiy tarixini, xususan, qadimiy jamoalarning turmush tarzi va joylashuvini, shuningdek, bu hududlarda sodir bo'lgan madaniy jarayonlarni o'rganish uchun muhim ilmiy ahamiyatga ega.

Kelgusida ushbu yodgorliklarning arxeologik tadqiqotlari davom ettiriladi.

Source: uznews.uz